Yangiliklar

img
Fri, 02/06/2026 - 18:46

Turkologik Kongress merosiga bag‘ishlangan ilmiy seminar bo‘lib o‘tdi

2026-yil 6-fevral kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “Birinchi Turkologik Kongressning turkiy xalqlarning madaniy va falsafiy hayotiga ta’siri: tarix va zamonaviylik” mavzusida turkiy xalqlarning boy ilmiy-falsafiy merosiga bag‘ishlangan ilmiy-ma’rifiy seminar bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbirda Ozarboyjon Milliy fanlar akademiyasi Falsafa va sotsiologiya institutining Turkiy xalqlarning falsafiy tafakkur tarixi va zamonaviy falsafasi kafedrasi mudiri, professor Faig Alakbarli hamda universitetning “Ijtimoiy-gumanitar fanlar” kafedrasi mudiri K.Y. Abdurazakova, professor-o‘qituvchilar N.Nasriddinov, A.Buranov, N.Mirsoliyeva, S.Abdusalomova va talabalar ishtirok etdi.

Seminar doirasida davra suhbati tashkil etilib, unda turkiy xalqlarning til, yozuv, adabiyot, madaniyat va tarixini o‘rganish masalalari muhokama qilindi. Professor Faig Alakbarli o‘z ma’ruzasida turkiy xalqlarning tarixiy-falsafiy merosi, qadimgi turkiy davlatlar va ularning jahon sivilizatsiyasidagi o‘rni haqida atroflicha fikr bildirdi. Shuningdek, turkiy falsafaning inson, jamiyat, adolat, erkinlik va axloqiy komillik g‘oyalari asosida shakllangani, Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” hamda Ahmad Yugnakiyning “Hibat ul-haqoyiq” asarlari bu tafakkurning yorqin namunasi ekani ta’kidlandi.

 

Tadbir davomida turkiy adabiyotning ko‘p asrlik an’analari, xalq og‘zaki ijodi namunalarining ahamiyati hamda Alisher Navoiy, Mahmud Qoshg‘ariy, Bobur va Ogahiy kabi mutafakkirlarning jahon adabiyotidagi o‘rni alohida qayd etildi. Ma’ruzada tarixiy g‘oyalarning bugungi globallashuv davrida ham dolzarbligini saqlab qolayotgani, turkiy davlatlar o‘rtasidagi madaniy va ilmiy hamkorlikni mustahkamlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilayotgani e’tirof etildi.

 

Seminar yakunida talabalar bilan savol-javob tashkil etilib, turkiy xalqlarning tarixi, falsafasi va adabiy merosiga oid masalalar yuzasidan batafsil izohlar berildi. Tadbir yosh avlodda tarixiy xotira, vatanparvarlik va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qildi.