Yangiliklar

img
Fri, 05/15/2026 - 14:40

Turkiyadagi xalqaro dastur — yangi tajriba va imkoniyatlar

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professor-o‘qituvchilari xalqaro ta’lim va ilmiy hamkorlik yo‘nalishidagi faoliyatlarini izchil davom ettirmoqdalar. Ayni kunlarda Tarjima nazariyasi kafedrasi professor-o‘qituvchilari Ziyoda Teshaboyeva, Nargiza Rashidova, Nigora Sulaymonova hamda Xorijiy tillar kafedrasi dotsenti Nilufar Do‘stmamatova Turkiyaning Istanbul shahridagi nufuzli Istanbul universitetida tashkil etilgan xalqaro malaka oshirish dasturida faol ishtirok etmoqdalar.

Mazkur dastur professor-o‘qituvchilarning kasbiy kompetensiyasini yanada rivojlantirish, zamonaviy pedagogik texnologiyalar va innovatsion ta’lim yondashuvlarini chuqur o‘rganish, xalqaro tajribalarni tahlil qilish hamda ularni milliy ta’lim tizimiga samarali tatbiq etish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Dastur davomida ishtirokchilar xalqaro ta’lim standartlari, interaktiv metodlar, zamonaviy o‘qitish strategiyalari, ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish hamda oliy ta’lim sifatini oshirishga oid seminar va treninglarda qatnashmoqdalar.

Shuningdek, ustozlar Istanbul universitetining ilmiy-tadqiqot markazlari, tarixiy kampuslari va zamonaviy ta’lim infratuzilmasi bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘lmoqdalar. Ochiq va interaktiv tarzda tashkil etilayotgan mashg‘ulotlarda guruh ishlari, muhokamalar, amaliy topshiriqlar hamda tajriba almashish jarayonlari ishtirokchilarning nazariy bilimlarini mustahkamlab, amaliy ko‘nikmalarini boyitmoqda.

 

Dastur davomida turli mamlakatlardan tashrif buyurgan mutaxassislar bilan fikr almashish, xalqaro akademik muhitda muloqot olib borish va yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari ham yaratilmoqda. Bu esa professor-o‘qituvchilarning ilmiy-pedagogik salohiyatini yanada oshirish, xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni mustahkamlash hamda ta’lim jarayoniga ilg‘or tajribalarni joriy etishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

 

Ko‘tarinki ruh va samarali muhitda davom etayotgan ushbu xalqaro malaka oshirish dasturi ustozlarimiz uchun yangi bilim va tajribalar manbai bo‘lish bilan birga, kelgusidagi ilmiy-pedagogik faoliyatda innovatsion g‘oyalar va zamonaviy yondashuvlarni amalga oshirish uchun ham mustahkam zamin yaratmoqda.