Turkiya va O‘zbekiston olimlari adabiy hamkorlik masalalarini muhokama qildi
Turkiyaning Anqara Go‘zi universiteti professorlari Mustafo Totji va Musa Yildiz boshchiligidagi delegatsiya Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetiga tashrif buyurdi. Mazkur tashrif ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi ilmiy-adabiy aloqalarni rivojlantirish, turkiy xalqlar adabiy merosini o‘rganish va madaniy hamkorlikni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
Uchrashuv davomida professor Mustafo Totji “Yunus Emro devoni” asarining o‘zbek tilidagi tarjimasi va nashri amalga oshirilgani uchun universitet rahbariyatiga samimiy minnatdorlik bildirdi. Ta’kidlanganidek, turkiy xalqlarning mushtarak ma’naviy merosini keng targ‘ib qilish, ayniqsa, Yunus Emro kabi buyuk mutafakkirlarning asarlarini o‘zbek kitobxonlariga yetkazish ilmiy va madaniy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Tashrif chog‘ida mehmonlar tomonidan Yunus Emro hamda Ahmad Yassaviy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan yangi nashrlar universitet kutubxonasiga taqdim etildi. Shuningdek, mumtoz asarlar asosida ishlangan miniatyuralar ham universitetga sovg‘a qilinib, ular uchrashuv ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.
Uchrashuvda universitet professor-o‘qituvchilari ham faol ishtirok etdilar. Xususan, professorlar Samixon Ashirboyev, Nurbor Jabborov hamda Dilnavoz Yusupovalar tomonidan yaqinda nashrdan chiqqan ilmiy va adabiy kitoblar mehmonlarga taqdim qilindi. Tomonlar yangi nashrlar, tarjima jarayonlari, turkiy adabiyot va tasavvufiy merosni tadqiq etish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan muloqot yakunida ikki universitet o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, konferensiyalar va adabiy uchrashuvlarni tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi.

