Turkiy dunyo olimlari Olmaotada jam bo‘ldi
Qozogʻistonning Olmaota shahrida “Boku turkologiya qurultoyining merosi va XXI asr turkiy dunyosi” (“The Legacy of the First Baku Turkology Congress and the Turkic World in the 21st Century”) mavzusida yirik xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Nufuzli anjuman Turk akademiyasi tashabbusi bilan Al-Forobiy nomidagi Qozoq milliy universiteti hamkorligida tashkil etildi. Konferensiya Turkiy davlatlar tashkiloti, TURKSOY, Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi hamda qator xalqaro ilmiy muassasalar ko‘magida o‘tkazildi.
Mazkur xalqaro konferensiyada Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov hamda universitetning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Nozliya Normurodova ishtirok etdi. Anjuman turkiy dunyoning yetakchi olimlari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari va oliy ta’lim muassasalari vakillarini bir maydonga jamladi.
Konferensiyaning ochilish marosimida Al-Forobiy nomidagi Qozoq milliy universiteti rektori Janseit Tuymebayev, Turk akademiyasi prezidenti Shahin Mustafayev, Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev, TURKSOY bosh kotibi Sultan Rayev, Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi prezidenti Aktoti Raimqulova hamda boshqa nufuzli xalqaro tashkilot va universitetlar rahbarlari qatnashdi.
Yalpi majlisda akademik Shuhrat Sirojiddinov “Turkiy adabiy til shakllanishida Alisher Navoiyning o‘rni” (“The Role of Alisher Navoi in the Formation of the Turkic Literary Language”) mavzusida ma’ruza qilib, buyuk mutafakkir merosining turkiy xalqlar adabiy tafakkuri va madaniy taraqqiyotidagi beqiyos ahamiyatini ilmiy asosda yoritib berdi.

Ma’ruzada Alisher Navoiy asarlari turkiy xalqlarning umumiy ma’naviy boyligi ekani, uning ijodi turkiy tillarning badiiy-estetik imkoniyatlarini yuksak darajada namoyon etgani alohida ta’kidlandi. Shuningdek, Navoiy merosi bugungi kunda ham turkiy xalqlar o‘rtasidagi madaniy yaqinlik va ilmiy hamkorlikni mustahkamlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilayotgani qayd etildi.
Akademik Shuhrat Sirojiddinov konferensiya sessiyalarida moderator sifatida ham faol qatnashdi. Shoʻba yigʻilishlarida turkologiyaning tarixiy taraqqiyoti, alifbo islohotlari, jadidchilik harakati, zamonaviy lingvistika, raqamli turkologiya va umumturkiy madaniy meros masalalari yuzasidan dolzarb ma’ruzalar tinglandi hamda ilmiy muhokamalar olib borildi.

Anjuman davomida Alisher Navoiy nomidagi ToshDOʻTAU hamda Qozogʻiston Respublikasi Milliy fanlar akademiyasi Axmet Baytursinov nomidagi Tilshunoslik instituti oʻrtasida oʻzaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
Ushbu kelishuv Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-apreldagi “Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar tizimini takomillashtirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-58-son Farmoni ijrosini taʼminlash yoʻlidagi muhim qadamdir. Mazkur strategik hujjatda oliy taʼlim muassasalarini faqat dars beradigan maskandan nufuzli ilmiy-tadqiqot markazlariga aylantirish hamda xalqaro ilmiy tashkilotlar bilan integratsiyani chuqurlashtirish ustuvor vazifa etib belgilangan edi. Imzolangan memorandum aynan mana shu vazifalar ijrosiga qaratilgan boʻlib, universitet professor-oʻqituvchilari va tadqiqotchilarining ilmiy salohiyatini oshirish, ularni xalqaro tadqiqotlar klasteriga jalb etish uchun keng imkoniyatlar ochadi.

Hamkorlik doirasida ikki qardosh xalqning yetakchi lingvistik markazlari birgalikda oʻzbek va qozoq tillarining qiyosiy-tarixiy grammatikasi, umumiy turkologiya masalalari hamda XX asr boshidagi milliy uygʻonish davri manbalarini tadqiq etishadi. Shuningdek, Farmon talablaridan kelib chiqib, qoʻshma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, nufuzli xalqaro jurnallarda maqolalar chop etish hamda doktorantlar va mustaqil tadqiqotchilar uchun akademik almashinuv dasturlarini yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan. Bu kelishuv universitetning nafaqat taʼlim sohasida, balki mintaqadagi eng yirik va nufuzli ilmiy-tadqiqot muassasasi sifatidagi maqomini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Anjuman yakunida turkiy davlatlar o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikni yanada kengaytirish, qo‘shma tadqiqotlarni rivojlantirish, yosh turkolog olimlarni qo‘llab-quvvatlash hamda umumturkiy madaniy merosni asrab-avaylash bo‘yicha muhim tashabbuslar ilgari surildi. Konferensiya turkiy dunyo ilm-fani va madaniy integratsiyasini mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhim xalqaro ilmiy maydon sifatida e’tirof etildi.

