Turkiy dunyo noshirlari kongressida universitet vakillari faol ishtirok etdi
2026-yil 27–29-mart kunlari Anqara shahrida turkiy dunyo noshirlari kongressi bo‘lib o‘tdi. Mazkur nufuzli xalqaro anjumanda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professori Bahodir Karimov hamda dotsent Abdumurod Tilavov universitet nomidan ishtirok etdi.
Uch kun davom etgan kongress turkiy dunyo mamlakatlaridan kelgan noshirlar, yozuvchilar, tarjimonlar va akademiklarni bir maydonga jamlab, soha rivojining dolzarb masalalarini muhokama qilish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qildi. Tadbir doirasida noshirlikning madaniy xotirani saqlash, bilim almashinuvini kengaytirish hamda xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni mustahkamlashdagi o‘rni atroflicha ko‘rib chiqildi.
Kongressda turkiy dunyoda noshirlik sohasida yagona yondashuvni shakllantirish, hamkorlik aloqalarini kengaytirish, shuningdek, zamonaviy talablar asosida sohaviy standartlarni takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. 10 ta davlatdan 140 nafar ishtirokchi qatnashgan anjumanda noshirlik infratuzilmasi, kontent yaratish, intellektual mulk va tarjima faoliyatiga oid yo‘nalishlar bo‘yicha muhokamalar olib borildi.

Universitet vakillarining mazkur kongressdagi ishtiroki oliy ta’lim muassasasida olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot, noshirlik hamda tarjimonlik yo‘nalishidagi ishlarning xalqaro miqyosdagi ahamiyatini yana bir bor namoyon etdi. Shuningdek, anjuman doirasida turkiy dunyo mamlakatlari bilan ilmiy va amaliy hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish hamda noshirlik va tarjima faoliyati bo‘yicha ilg‘or tajribalarni o‘rganish yuzasidan muhim kelishuvlarga erishildi.


