Yangiliklar

img
Sat, 06/20/2026 - 11:44

“Turkcha-o‘zbekcha shakldosh so‘zlar multimodal lug‘ati” mobil ilovasi yaratildi

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Inklyuziv ta’lim ilmiy-amaliy laboratoriyasi jamoasi tomonidan qardosh tillar o‘rtasidagi semantik chalkashliklarni bartaraf etish hamda til o‘rganish jarayonini qulaylashtirishga xizmat qiluvchi “Turkcha-o‘zbekcha shakldosh so‘zlar multimodal lug‘ati” mobil ilovasi ishlab chiqildi. Mazkur dastur Google Play platformasi orqali foydalanuvchilarga taqdim etildi.

Ilovaning ma’lumotlar bazasi Sh.Atamuradov muallifligidagi “Turkcha-o‘zbekcha chalg‘ituvchi so‘zlar lug‘ati” asosida shakllantirilgan bo‘lib, unda turk va o‘zbek tillaridagi shakldosh birliklar, ularning tarjimasi hamda talaffuzi jamlangan. Loyiha doirasida lug‘at maqolalari matn va audio uyg‘unligida taqdim etilib, foydalanuvchilarning so‘z ma’nolarini to‘g‘ri anglash, farqlash, tarjima qilish va talaffuz etish ko‘nikmalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan.

Multimodal lug‘atning muhim jihatlaridan biri uning inklyuziv imkoniyatlaridir. Audiokontent maxsus tifloizohlar bilan boyitilgan bo‘lib, qaysi so‘z va tarjima qaysi tilga mansubligini aniqlashga yordam beradi. Bu esa, ayniqsa, ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan foydalanuvchilar uchun qulay sharoit yaratadi. Shuningdek, qisqartmalar audioformatda kengaytirilgan tarzda berilishi ma’lumotni to‘liq va aniq qabul qilish imkonini ta’minlaydi.

Nutq sintezatorlari bilan mos ishlash imkoniyatiga ega bo‘lgan ushbu mobil ilova zamonaviy raqamli leksikografiya, inklyuziv ta’lim va qardosh tillar o‘rtasidagi samarali muloqotni rivojlantirishga xizmat qiluvchi innovatsion dasturiy mahsulot sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.

 

Dasturni quyidagi havola orqali yuklab olish mumkin:

https://play.google.com/store/apps/details?id=hamroev.uz&pcampaignid=web_share