Yangiliklar

img
Fri, 05/08/2026 - 19:53

ToshDO‘TAUda turkiy tillar va madaniyat masalalariga bag‘ishlangan xalqaro seminar tashkil etildi

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “Turkiy xalqlarning tili va madaniyati” mavzusida xalqaro ilmiy seminar tashkil etildi. Unda turkiy xalqlarning boy til va madaniy merosini ilmiy jihatdan o‘rganish, turkiy tillarning tarixiy taraqqiyoti hamda zamonaviy rivojlanish jarayonlari yuzasidan fikr almashildi.

Xalqaro ilmiy seminarni O‘zbek tilshunosligi kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori, professor Zulxumor Xolmanova kirish so‘zi bilan ochib berdi. U o‘z nutqida turkiy tillarning shakllanish va rivojlanish bosqichlari, til va madaniyatning o‘zaro uzviy bog‘liqligi, shuningdek, bugungi globallashuv jarayonida milliy tillarni rivojlantirishning dolzarb ahamiyati haqida so‘z yuritdi.

Anjumanda filologiya fanlari doktori, Anqara Hoji Bayram Vali universiteti professori Muvaffak Eflatunning “XIII–XV asrlarda Onado‘lidagi til, adabiyot va madaniyat” mavzusidagi ma’ruzasi tinglandi. Ma’ruzada Onado‘li hududida adabiy tilning shakllanish jarayoni, usmonlilar saltanatida til, adabiyot va madaniyatga qaratilgan yuksak e’tibor hamda turkiy adabiy an’analarning taraqqiyoti haqida batafsil ma’lumot berildi.

Shuningdek, Alisher Navoiy asarlarining turk she’riyati rivojiga ko‘rsatgan ta’siri, shoir g‘azallariga yozilgan naziralar hamda turk shoirlari tomonidan eski o‘zbek tilida yaratilgan ijod namunalari ilmiy tahlil qilindi.

 

Seminarda ToshDO‘TAU professor-o‘qituvchilari bilan bir qatorda filologiya fanlari doktori, 19-may universiteti dotsenti Muhammad Iqbol Guler, Yunus Emre nomidagi turk madaniyat markazi yetakchi mutaxassisi Kubra Aslan hamda markaz koordinatori yordamchisi Aziza Tolipova ham o‘z fikr-mulohazalari bilan ishtirok etdi.

Mutaxassislar turkiy xalqlar o‘rtasidagi ilmiy va madaniy hamkorlikni yanada rivojlantirish, xalqaro ilmiy loyihalarni amalga oshirish hamda yosh tadqiqotchilarni ilmiy jarayonlarga faol jalb etish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.

 

Seminar yakunida ishtirokchilar tomonidan turkiy tillar va madaniyatni o‘rganish borasidagi ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, xalqaro tajriba almashuvini kengaytirish hamda kelgusida ilmiy-ma’rifiy tadbirlarni muntazam tashkil etish yuzasidan taklif va mulohazalar bildirildi.