ToshDOʻTAUda bayrami shukuhi
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bayram tadbiri yuqori kayfiyatda nishonlandi.
Bayram munosabati bilan erta tongdan universitet hududida samimiy va bayramona muhit hukm surdi. Universitet rahbariyati tomonidan ustozlar va talaba qizlar tantanali tarzda kutib olindi, ularga bayram tabriklari bildirilib, iliq tilaklar izhor etildi. Bu esa universitet jamoasida ko‘tarinki ruh, o‘zaro hurmat va ehtirom muhitini yanada mustahkamladi.
Shundan so‘ng universitet rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov boshchiligida universitetning ayol ustozlari va xodimlari uchun alohida bayram tadbiri tashkil etildi. Tadbir davomida ayollarning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni, ularning ilm-fan, ta’lim va ma’naviy hayotdagi hissasi alohida ta’kidlandi. Qayd etilganidek, bugungi kunda mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning ilmiy-intellektual salohiyatini qo‘llab-quvvatlash, jamiyat hayotidagi faolligini oshirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, universitet hayotida faol ishtirok etib, ta’lim-tarbiya jarayonini takomillashtirish, ilmiy faoliyatni rivojlantirish hamda yosh avlodni yuksak ma’naviyat ruhida tarbiyalash yo‘lida samarali mehnat qilib kelayotgan ayol ustoz va xodimlarning fidokorona mehnati alohida e’tirof etildi.
Tadbir yakunida universitet taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh ayol professor-o‘qituvchilar va xodimlar universitet rahbariyati tomonidan tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Bayram tadbiri davomida ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashuvchi madaniy chiqishlar ham namoyish etildi. Mazkur tadbir universitet jamoasida xotin-qizlarga bo‘lgan hurmat va ehtiromning yana bir yorqin ifodasi bo‘lib, barchaga unutilmas bayram kayfiyatini ulashdi.

