Yangiliklar

img
Thu, 08/06/2026 - 10:10

ToshDOʻTAU vakili respublika oʻquv-seminarida ishtirok etdi

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tashabbusi bilan 2026-yil 4–5-avgust kunlari Buxoro davlat texnika universitetida “Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda ilm va innovatsiya: oliy taʼlim muassasalarining roli va vazifalari” mavzusida ilmiy ishlar va innovatsiyalar yoʻnalishiga bagʻishlangan respublika oʻquv-seminari boʻlib oʻtdi. Ikki kun davom etgan seminar oliy taʼlim muassasalarida ilmiy faoliyatni zamonaviy yondashuvlar asosida boshqarish, ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish hamda innovatsion ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etish masalalariga bagʻishlandi. 

Mazkur oʻquv-seminarda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti Ilmiy tadqiqotlar va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash boʻlimi boshligʻi S. Mavlyanov ishtirok etdi.

Seminar dasturi universitetlarda ilmiy faoliyatni strategik rejalashtirish, ustuvor ilmiy yoʻnalishlarni shakllantirish, ilmiy loyihalarni natijaga yoʻnaltirilgan boshqarish, tadqiqotlar sifatini oshirish, ilmiy halollik tamoyillarini taʼminlash hamda sunʼiy intellekt texnologiyalaridan ilmiy faoliyatda samarali foydalanish kabi dolzarb masalalarni qamrab oldi. Shuningdek, ilmiy natijalarni iqtisodiy va ijtimoiy qiymatga aylantirish, patentlash, ishlanmalarni tijoratlashtirish, spin-off korxonalarini tashkil etish hamda ilmiy faoliyat samaradorligini baholashning zamonaviy mezonlari yuzasidan mutaxassislarning maʼruzalari va amaliy mashgʻulotlari tashkil etildi. 

Oʻquv-seminar davomida ishtirokchilar kichik guruhlarda ishlab, hududlarning dolzarb muammolaridan kelib chiqib ilmiy yoʻnalishlarni belgilash, universitetlarning ilmiy salohiyatini rivojlantirish, ilmiy natijalarni amaliyot bilan integratsiya qilish hamda oliy taʼlim muassasalarining ilmiy faoliyatini takomillashtirishga doir taklif va tavsiyalarni ishlab chiqdilar. Bu esa ilm-fan, innovatsiya va ishlab chiqarish oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash hamda ilmiy boshqaruvning samarali mexanizmlarini joriy etishda muhim tajriba almashish maydoniga aylandi. 

Seminarda ilgari surilgan zamonaviy yondashuvlar va amaliy tavsiyalar oliy taʼlim muassasalarida ilmiy faoliyatni yanada takomillashtirish, ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash sifatini oshirish hamda ilmiy tadqiqotlar natijadorligini kuchaytirishga xizmat qiladi. Seminar yakunida tayyorlangan metodik materiallar barcha oliy taʼlim muassasalariga yetkazilishi belgilandi.