“Til va ma’rifat chashmasi” mavzusida davra suhbati tashkil etildi
Toshkent viloyati pedagogik mahorat markazida “Til va ma’rifat chashmasi” nomli davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir ona tili va adabiyot ta’limini yanada takomillashtirish, til o‘qitishda zamonaviy pedagogik yondashuvlarni keng joriy etish hamda o‘quvchilarning nutqiy kompetensiyalarini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlandi.
Davra suhbatida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining professor-o‘qituvchilari faol ishtirok etib, o‘zlarining ilmiy-amaliy tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar. Xususan, pedagogika fanlari doktori Klaraxon Mavlonova tomonidan ona tilini o‘qitishda zamonaviy yondashuvlar, innovatsion metodlar va ularning ta’lim samaradorligiga ta’siri yoritib berildi. Shuningdek, PhD Sanobar Kuldasheva esse yozishni o‘rgatish texnikasi, yozma nutqni rivojlantirish usullari hamda o‘quvchilarning mustaqil fikrlashini shakllantirish masalalariga to‘xtalib o‘tdi.
Filologiya fanlari nomzodi Nargiza Musulmanova o‘zbek tilining ikkinchi til sifatida xalqaro miqyosda o‘rganilishi, uni xorijiy auditoriyalarda o‘qitish tajribalari hamda istiqboldagi imkoniyatlar haqida fikr bildirdi. Shuningdek, PhD Munira Shodmonova til o‘qitish jarayonida nutqiy vaziyat yaratishning samarali usullari, kommunikativ yondashuv asosida darslarni tashkil etish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berdi.

Tadbir davomida tinglovchilar bilan ochiq muloqot tashkil etilib, savol-javoblar o‘tkazildi, zamonaviy pedagogik texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish yuzasidan muhim taklif va mulohazalar bildirildi. Ishtirokchilar tomonidan bildirilgan fikrlar ta’lim jarayonini yanada takomillashtirish, o‘qitish sifatini oshirish hamda o‘quvchilarning til kompetensiyalarini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Mazkur davra suhbati pedagoglarning kasbiy mahoratini oshirish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, ta’lim tizimida innovatsion yondashuvlarni keng joriy etish hamda ona tili ta’limi samaradorligini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

