Temuriylar merosi — milliy iftixorimiz
2026-yil 9-aprel kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida buyuk sarkarda va davlat arbobi Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan “Temuriylar merosi — milliy iftixorimiz”mavzusida ilmiy-adabiy tadbir tashkil etildi. Universitet tyutorlari hamda 1-kurs Psixologiya yo‘nalishi talabalari tashabbusi bilan o‘tkazilgan ushbu kecha yuksak saviyada va vatanparvarlik ruhida kechdi.
Mazkur tadbirning asosiy maqsadi — yosh avlodga buyuk ajdodimiz Amir Temur hamda Temuriylar sulolasining jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini yetkazish, talabalar ongida milliy g‘urur, iftixor va vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlashdan iborat bo‘ldi. Tadbirda ta’kidlanganidek, Sohibqironning davlat boshqaruvi va adolat tantanasi yo‘lidagi xizmatlarini o‘rganish bugungi kun yoshlari uchun muhim hayotiy maktab vazifasini o‘taydi.
Tadbir davomida talabalar tomonidan Amir Temurning murakkab hayot yo‘li, markazlashgan davlat barpo etishdagi jasorati va harbiy san’atdagi beqiyos mahorati haqida qiziqarli ma’ruzalar taqdim etildi. Ayniqsa, “Temur tuzuklari” asarining mazmun-mohiyati, undagi davlatni boshqarish va insoniy fazilatlarga oid qimmatli o‘gitlar tahlili ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Psixologiya yo‘nalishi talabalari o‘z chiqishlarida Amir Temurning kuchli irodasi va yetakchilik qobiliyatining psixologik jihatlariga ham alohida to‘xtalib o‘tdilar.
Shuningdek, tadbir doirasida Temuriylar davri madaniyati, ilm-fani va me’morchiligiga oid ko‘rgazmalar hamda talabalar tomonidan tayyorlangan badiiy chiqishlar namoyish etildi. Jonli muloqot va qizg‘in bahslarga boy bo‘lgan ushbu ilmiy-adabiy kecha talabalarning tarixiy bilimlarini boyitish bilan birga, ularni ulug‘ ajdodlarimizga munosib voris bo‘lishga undadi.
Ushbu tadbir universitet hayotida yoshlarning ma’naviy-ma’rifiy darajasini yuksaltirishga xizmat qiluvchi navbatdagi muhim qadam sifatida e’tirof etildi.

