Tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi tomonidan xalqaro seminar o‘tkazildi
2026-yil 30-mart kuni Alisher Navo’i nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi qoshidagi “Tarjimashunoslik” xalqaro nazariy-metodologik seminari bo‘lib o‘tdi. Seminar universitetning A blok, 212-auditoriyasida an’anaviy va masofaviy (Zoom platformasi orqali) shaklda tashkil etildi.
Tadbirni universitet Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, filologiya fanlari doktori, professor Nozliya Normurodova kirish so‘zi bilan ochib berdi. U o‘z nutqida tarjimashunoslik sohasining bugungi ilmiy va amaliy ahamiyati, globallashuv sharoitida tarjimaning madaniyatlararo muloqotdagi o‘rni haqida fikr bildirdi.
Seminarda xalqaro va mahalliy mutaxassislar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi. Xususan, Shveysariya tarjimonlar assotsiatsiyasi direktori o‘rinbosari Zorka Siklamini “Globallashuv davrida badiiy tarjimaning ahamiyati” mavzusida ma’ruza qilib, zamonaviy tarjima jarayonida madaniy kontekstni saqlash, muallif uslubini yetkazish va global o‘quvchi auditoriyasiga moslashuv masalalarini tahlil etdi.

Shuningdek, tarjimon, PhD Hafiza Qo‘chqorova “To‘laqonli tarjimaga erishish yo‘llari” mavzusida so‘z yuritib, tarjima sifatini belgilovchi mezonlar, matnning semantik va stilistik yaxlitligini ta’minlash, hamda tarjimonning kasbiy kompetensiyalariga oid amaliy tavsiyalarni ilgari surdi.

Seminar davomida ishtirokchilar tomonidan dolzarb savollar berilib, tarjimashunoslikning nazariy va metodologik muammolari yuzasidan fikr almashildi. Tadbir ilmiy muloqot maydoni sifatida tarjima nazariyasi va amaliyotini rivojlantirish, xalqaro tajribalarni o‘rganish hamda yosh tarjimonlar malakasini oshirishga xizmat qildi.

