Yangiliklar

img
Fri, 01/30/2026 - 17:57

Tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi tadqiqotchilari faoliyatidan

2026-yil 29-yanvar kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi qoshida tashkil etilgan ilmiy-nazariy seminarning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Mazkur seminar kafedraning ilmiy salohiyatini oshirish, yosh tadqiqotchilar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda ilmiy izlanishlar samaradorligini ta’minlash maqsadida tashkil etildi.

Seminar kafedra o‘qituvchisi Dilafruz Muhammadiyevaning dissertatsiya va avtoreferatlarni rasmiylashtirish masalalariga bag‘ishlangan ma’ruzasi bilan boshlandi. Ma’ruzada dissertatsiya ishlarini tayyorlashda amal qilinishi lozim bo‘lgan me’yoriy-huquqiy talablar, ilmiy ishning tarkibiy tuzilishi, rasmiylashtirish qoidalari, shuningdek, avtoreferat tayyorlashda yo‘l qo‘yiladigan xatolar va ularni bartaraf etish masalalari atroflicha yoritildi.

Ma’ruza davomida kafedraning tayanch doktorantlari hamda mustaqil izlanuvchilari dissertatsiya va avtoreferatlarni rasmiylashtirish, himoyagacha bo‘lgan jarayonlar, ilmiy ishlarni taqdim etish tartibi hamda himoya jarayoniga oid o‘zlarini qiziqtirgan qator savollar yuzasidan batafsil tushuntirish va amaliy tavsiyalar oldilar.

Seminarning keyingi qismida kafedra tayanch doktorantlari va mustaqil izlanuvchilari o‘z ilmiy tadqiqot mavzulari doirasida tayyorlagan ilmiy ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar. Taqdim etilgan ma’ruzalar yuzasidan universitet professor-o‘qituvchilari tomonidan ilmiy fikr-mulohazalar bildirilib, tadqiqot ishlarini yanada takomillashtirishga doir muhim tavsiyalar berildi.

Seminar jarayonida tadqiqotchilar va professor-o‘qituvchilar o‘rtasida qizg‘in bahs-munozaralarga boy, ochiq va samarali ilmiy muloqot muhiti shakllandi. Ushbu ilmiy-nazariy seminar yosh olimlarning ilmiy salohiyatini oshirish, ularning tadqiqot faoliyatini tizimli yo‘lga qo‘yish hamda ilmiy maktablar faoliyatini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.