Yangiliklar

img
Sun, 04/19/2026 - 14:28

Tarjima masalalariga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi

2026-yil 15-aprel kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamda Toshkent shahridagi Gyote instituti hamkorligida tarjimashunoslikning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi.  

Seminarda PhD, tarjimon Hafiza Qo‘chqorova “So‘z ortidagi ma’no, harf ortidagi dunyo” mavzusida ma’ruza qildi. Ma’ruzada tarjima jarayonining yuzaki emas, balki qatlamli hodisa ekani ochib berildi: har bir so‘z o‘zida faqat lug‘aviy ma’noni emas, balki tarixiy tajriba, madaniy kod va hissiy rangni mujassam etadi. Shu bois tarjima oddiy ko‘chirish emas, balki mazmunni qayta yaratish jarayoni sifatida talqin qilindi. So‘zma-so‘z yondashuv matnning ichki ruhini yetkazishda ojiz qolishi, tarjimon esa ma’no aniqligi bilan birga ohang va ta’sir muvozanatini ham saqlashi zarurligi asoslab berildi.

Ma’ruzada, shuningdek, globallashuv sharoitida tarjimaning madaniyatlararo muloqotdagi o‘rni alohida qayd etildi. Tarjima turli tafakkur tizimlarini yaqinlashtiruvchi vosita sifatida baholanib, tarjimonning mas’uliyati faqat til bilan emas, balki madaniy tafovutlarni anglash bilan ham bog‘liqligi ta’kidlandi.

Tadbirda Gyote instituti vakili Dilorom Ismatillayeva so‘zga chiqib, xalqaro grantlar tizimi, mavjud dasturlar hamda ularga murojaat qilishning amaliy jihatlari haqida ma’lumot berdi. Bu yo‘nalishdagi imkoniyatlar yosh tadqiqotchilar va tarjimonlar uchun muhim platforma ekani qayd etildi.

Seminar davomida tarjima jarayoniga ta’sir etuvchi lisoniy va ekstralingvistik omillar atroflicha muhokama qilindi. Amaliy qismda tanlangan matnlar asosida tarjimaning kontekstga bog‘liqligi, madaniy moslik talablari hamda kommunikativ ta’sirni saqlash masalalari tahlil etildi. Muhokamalar jarayonida tarjimon oldida turadigan asosiy vazifa — matnning mazmuniy yaxlitligini buzmagan holda uni boshqa til va madaniyat muhitida qayta jonlantirish ekani yana bir bor tasdiqlandi.

Seminar ilmiy va amaliy jihatlarni uyg‘unlashtirgan holda, tarjimashunoslik sohasidagi zamonaviy yondashuvlar yuzasidan muhim mulohazalar almashinuviga xizmat qildi.