Yangiliklar

img
Fri, 01/30/2026 - 08:45

Ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan seminarlar bo‘lib o‘tdi

Universitetda ta’lim jarayonining sifatini yanada oshirish, zamonaviy talablar asosida o‘quv dasturlarini takomillashtirish maqsadida Ta’lim sifatini ta’minlash bo‘limi tashabbusi bilan kafedralar professor-o‘qituvchilari uchun seminar-treninglar haftaligi tashkil etildi.

Mazkur seminar-treninglar hafta davomida izchil ravishda o‘tkazilib, unda barcha kafedralarning professor-o‘qituvchilari faol ishtirok etdilar. Tadbirlarning asosiy maqsadi o‘quv dasturlarini (sillabuslarni) ishlab chiqish va takomillashtirish jarayonida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni aniqlash, ularni bartaraf etish yo‘llarini ko‘rsatish hamda o‘quv-me’yoriy hujjatlarni amaldagi talablar asosida qayta ko‘rib chiqishdan iborat bo‘ldi.

Seminarlar jarayonida professor-o‘qituvchilar tomonidan tuzilgan sillabuslarda uchrayotgan metodik va mazmuniy kamchiliklar atroflicha tahlil qilindi. Xususan, fan maqsadi va vazifalarining to‘g‘ri belgilanishi, kutilayotgan ta’lim natijalari, mavzularning mantiqiy ketma-ketligi, baholash mezonlari hamda mustaqil ta’lim topshiriqlarini ishlab chiqish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, seminar-treninglar davomida har bir kafedra a’zolariga aniqlangan kamchiliklarni belgilangan muddatlarda bartaraf etish bo‘yicha aniq tavsiyalar berildi. O‘quv-me’yoriy hujjatlarni takomillashtirish jarayonida metodik yordam va amaliy-uslubiy ko‘rsatmalar taqdim etildi.

 

Bundan tashqari, kredit-modul tizimi doirasida kreditlarni olish tartibi, kasbiy kompetensiyalarga asoslangan baholash mezonlarini ishlab chiqish, talabalarning bilim, ko‘nikma va malakalarini adolatli baholash masalalari yuzasidan ham muhim fikr-mulohazalar bildirildi. Ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil tushuntirishlar berilib, seminarlar interaktiv ruhda o‘tkazildi.

 

Mazkur seminar-treninglar haftaligi professor-o‘qituvchilarning pedagogik va metodik faoliyatini yanada takomillashtirish, o‘quv jarayonini zamonaviy talablarga mos tashkil etish hamda ta’lim sifatini oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Universitetda bu kabi seminar va treninglar kelgusida ham muntazam ravishda tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Ta’lim sifatini ta’minlash bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan mazkur seminar-treninglar haftaligi professor-o‘qituvchilarimizning kasbiy mahoratini oshirishda samarali bo‘lishiga ishonch bildirilmoqda.