Ta’lim eksportini rivojlantirish yoʻlida
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti xalqaro hamkorlik faoliyatini kengaytirish, o‘zbek tili va madaniyatini xorijda targ‘ib etish hamda ta’lim eksportini oshirish yo‘lida tizimli ishlarni amalga oshirmoqda. Xususan, shu kunlarda universitetda ushbu strategik maqsadlarni ro‘yobga chiqarishga qaratilgan yana bir muhim qadam tashlandi. Xorijlik yoshlarni mamlakatimizga jalb etish hamda o‘zaro manfaatli xalqaro aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida “Pomidor technology consulting center” firmasi vakillari bilan rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Mazkur amaliy muloqotda universitetning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Nozliya Normurodova hamda xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Ozodaxon Gulyamova ishtirok etib, xorijiy hamkorlar bilan kelgusidagi istiqbolli rejalarni atroflicha muhokama qildilar. Tashrif davomida mehmonlar universitetda yaratilgan zamonaviy ta’lim infratuzilmasi, o‘quv jarayonlariga joriy etilgan ilg‘or metodikalar, boy axborot-resurs markazi, shuningdek, xorijlik talabalarning yashashi va sifatli bilim olishi uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlarni ko‘zdan kechirib, muassasaning chet ellik yoshlarni jalb etish borasidagi ulkan salohiyatini alohida e’tirof etishdi. O‘z navbatida, mutasaddilar xalqaro ta’lim standartlari asosida o‘qitilayotgan maxsus dasturlar va xorijlik talabalarga ko‘rsatiladigan akademik hamda ijtimoiy yordam tizimi haqida mehmonlarga batafsil ma’lumot berdilar.
Uchrashuvda tomonlar erishilgan dastlabki ijobiy natijalarga alohida to‘xtalib o‘tdilar. Xususan, yakuniga yetib borayotgan 2025/2026-o‘quv yilida 30 nafarga yaqin xitoylik iqtidorli yoshlar aynan ToshDO‘TAUning “Tarjima nazariyasi va amaliyoti” hamda “Xalqaro munosabatlar” kabi nufuzli magistratura yo‘nalishlariga o‘qishga qabul qilingani va hozirgi kunda muvaffaqiyatli tahsil olayotgani ushbu amaliy hamkorlikning yorqin samarasi sifatida qayd etildi. O‘zaro muloqot yakunida kelgusi o‘quv yillarida ham ushbu ijobiy dinamikani izchil davom ettirish, talabalar oqimini ko‘paytirish bo‘yicha aniq mexanizmlarni ishlab chiqishga kelishib olindi. Tomonlar ta’lim eksporti ko‘rsatkichlarini muttasil oshirib borish, qo‘shma yondashuvlarni amaliyotga faol tatbiq etish, shuningdek, xorijlik yoshlar uchun akademik muhitni yanada jozibador qilish orqali ToshDO‘TAUning xalqaro ta’lim maydonidagi, xususan nufuzli xalqaro reytinglardagi o‘rnini yanada mustahkamlash yo‘lida hamkorlikni jadallashtirishga tayyor ekanliklarini qat’iy ta’kidladilar.



