Talabalarning yashash sharoitlari o’rganildi
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori Gulnoza Jo‘rayeva talabalar turar joyida istiqomat qilayotgan hamda ijarada yashayotgan talabalar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Mazkur uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad talabalarning yashash sharoitlarini o‘rganish, ularni qiynayotgan muammolarni bevosita o‘zlaridan eshitish hamda mavjud masalalarga tezkor va amaliy yechimlar ishlab chiqishdan iborat bo‘ldi. Suhbat davomida talabalar tomonidan turar joydagi sharoitlar, ijarada yashash bilan bog‘liq qiyinchiliklar, ijtimoiy-ma’naviy muhit, ta’lim jarayonidagi ayrim muammolar hamda kundalik hayotga oid masalalar yuzasidan turli fikr va takliflar bildirildi.
Har bir murojaat alohida e’tibor bilan tinglanib, muammolarni tizimli ravishda hal etish, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, talabalar uchun yanada qulay va xavfsiz muhit yaratish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi. Shuningdek, talabalar turar joylari faoliyatini yanada takomillashtirish, ijarada yashovchi talabalar bilan ishlash mexanizmlarini kuchaytirish masalalari ham muhokama markazida bo‘ldi.

Uchrashuv ochiq va samimiy muloqot ruhida o‘tdi. Talabalar o‘zlarini qiynayotgan masalalarni erkin bayon etish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu esa muammolarni chuqurroq anglash va ularni samarali hal etish uchun muhim omil bo‘lib xizmat qildi.

Universitet rahbariyati tomonidan talabalar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yish, ularning murojaatlariga tezkor munosabat bildirish hamda mavjud muammolarni joyida hal etish bo‘yicha ishlar izchil davom ettiriladi.

