Yangiliklar

img
Thu, 02/19/2026 - 11:05

Talabalar uchun psixologik trening tashkil etildi

Universitetimizda talabalarning ruhiy salomatligini mustahkamlash, ularning ichki imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish hamda sog‘lom psixologik muhitni shakllantirish maqsadida navbatdagi psixologik trening o‘tkazildi. Mazkur tadbir O‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishi talabalari ishtirokida universitet psixologi Nozima Narziyevna tomonidan tashkil etildi.

Trening davomida talabalarning ichki kechinmalari, hissiy holati va shaxsiy xususiyatlarini aniqlashga qaratilgan turli psixologik o‘yinlar, interaktiv mashqlar hamda jamoaviy muhokamalar o‘tkazildi. Mashg‘ulotlar jarayonida talabalar o‘z his-tuyg‘ularini anglash, ularni to‘g‘ri ifodalash, stressli vaziyatlarni boshqarish va muammoli holatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar.

Shuningdek, treningda jamoada samarali muloqot qilish, o‘zaro hurmat va ishonch muhitini yaratish, ijtimoiy faollikni oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilar o‘z fikr va mulohazalarini erkin bayon etish, boshqalarni tinglash va konstruktiv fikr almashish orqali kommunikativ kompetensiyalarini yanada mustahkamlashdi.

 

Trening yakunida psixologik ko‘makka ehtiyoji mavjud deb topilgan talabalar bilan individual tartibda suhbatlar tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu esa har bir talabaning ruhiy holatini chuqurroq o‘rganish va zarur tavsiyalar berish imkonini yaratadi.

 

Mazkur psixologik trening talabalarning ruhiy barqarorligini ta’minlash, ularning o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshirish hamda universitetda sog‘lom va ijobiy psixologik muhitni qaror toptirishga xizmat qilmoqda. Universitetimizda bu kabi ma’naviy-ma’rifiy va psixologik tadbirlarni izchil davom ettirish orqali talabalarning har tomonlama barkamol shaxs sifatida shakllanishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.