Yangiliklar

img
Thu, 05/07/2026 - 09:50

Talabalar koreys tilidagi bilimlarini amaliy chiqishlar orqali namoyon etdi

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “Korean Show” nomli bayram dasturi tashkil etildi. Tadbir Tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi dotsenti v.b. Abdulloyeva Kamola tashabbusi bilan o‘tkazildi.

Tadbirni universitetning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Nozliya Normurodova kirish so‘zi bilan ochib berdi. U o‘z nutqida xorijiy tillarni o‘rganish bugungi kunda yoshlar uchun muhim imkoniyatlar eshigini ochishini, bunday madaniy-ma’rifiy tadbirlar esa talabalar bilimini mustahkamlash bilan birga, ularning ijodiy salohiyatini yuzaga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Mazkur tadbir universitetning 3-kurs talabalari uchun o‘ziga xos madaniy va ijodiy maydon vazifasini o‘tadi. E’tiborlisi, talabalar koreys tilini o‘rganishni boshlaganlariga atigi uch oy bo‘lganiga qaramasdan, qisqa vaqt ichida egallagan bilim va ko‘nikmalarini amaliy jihatdan namoyish etishga muvaffaq bo‘lishdi. Tadbir davomida talabalar koreys tili bo‘yicha o‘z bilimlarini mustahkamlash, koreys madaniyatini keng targ‘ib qilish hamda ijodiy iste’dodlarini namoyon etish imkoniga ega bo‘ldilar.

Bayram dasturida koreys milliy madaniyatiga oid turli chiqishlar namoyish etildi. Xususan, koreys milliy taomlari taqdimoti, milliy raqslar, sahna ko‘rinishlari, qiziqarli bellashuvlar va ijodiy chiqishlar tadbirga o‘zgacha ruh bag‘ishladi. Talabalarning sahnadagi faolligi, tilni o‘zlashtirishga bo‘lgan qiziqishi hamda jamoaviy ishlash ko‘nikmalari hakamlar hay’ati tomonidan yuqori baholandi.

 

Tadbir hakamlar hay’ati tarkibida universitet hamda xalqaro tashkilot vakillari ishtirok etdi. Jumladan, KOICA O‘zbekiston ofisi loyihalar menejeri Cha Juna, loyiha menejeri yordamchisi Shukurov Shukurullo, Tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi dotsenti Na Jong Ib, Jahon tillari universiteti Koreys filologiyasi kafedrasi katta o‘qituvchisi Bobomurodova Sadoqat, Tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi mudiri Asadov Mahmadiyor, Xorijiy tillar kafedrasi mudiri Akmal Abdiyev hamda koreyalik ustoz Park Jon Ju faol qatnashdi.

Musobaqa yakunlariga ko‘ra, 1-o‘rin 303-guruhning “Elite Group” jamoasiga, 2-o‘rin 301-guruhning “Dream High” jamoasiga, 3-o‘rin esa 302-guruhning “Midnight Bloom” jamoasiga nasib etdi. Tadbirda ishtirok etgan barcha qatnashchilar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

 

“Korean Show” dasturi talabalarning xorijiy tillarni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishini oshirish, xalqaro madaniy aloqalarni mustahkamlash hamda yoshlarning ijodiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.