Yangiliklar

img
Fri, 05/15/2026 - 15:20

“Talaba – yugur” ommaviy yugurish tadbiri o'tkazildi

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan “Talaba – yugur” ommaviy yugurish tadbiri yuqori saviyada tashkil etildi.

Mazkur tadbir yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, jismoniy faollikni oshirish, talabalarning sportga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirish hamda yurt tinchligi va xalq osoyishtaligi yo‘lida fidokorona xizmat qilgan ajdodlar xotirasiga hurmat bajo keltirish maqsadida o‘tkazildi.

Tadbir universitet hududida ko‘tarinki ruh va bayramona kayfiyatda boshlandi. Unda universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar hamda xodimlar faol ishtirok etdilar. Dastlab, yig‘ilganlarga Xotira va qadrlash kunining mazmun-mohiyati, ushbu sana xalqimiz hayotidagi o‘rni hamda yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi ahamiyati haqida so‘z yuritildi.

Shundan so‘ng “Talaba – yugur” ommaviy yugurish marafoniga start berildi. Yugurish davomida talabalar katta ishtiyoq va yuqori kayfiyat bilan qatnashib, sport va sog‘lom raqobat muhitini namoyon etdilar. Tadbir nafaqat sport musobaqasi, balki talaba-yoshlarni birlashtiruvchi, ularda jamoaviylik, intilish va matonat kabi fazilatlarni mustahkamlovchi ma’naviy-ma’rifiy loyiha sifatida ham alohida ahamiyat kasb etdi.

Yugurish marafoni davomida ishtirokchilar uchun xavfsizlik va qulaylik masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Talabalarning faol va uyushqoqligi tadbirning yanada mazmunli o‘tishiga xizmat qildi. Ko‘plab yoshlar sport inson salomatligining muhim omili ekanini, muntazam jismoniy mashg‘ulotlar esa sog‘lom va faol hayot tarzining asosini tashkil etishini alohida ta’kidladilar.

Tadbir yakunida faol qatnashgan hamda yuqori natija qayd etgan talabalar tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar. Shuningdek, ishtirokchilarga universitet tomonidan sportni ommalashtirish, yoshlarni sog‘lom turmush tarziga keng jalb etish borasidagi ishlar kelgusida ham izchil davom ettirilishi qayd etildi.

“Talaba – yugur” ommaviy yugurish tadbiri universitet hayotida sport, ma’naviyat va vatanparvarlik g‘oyalarini uyg‘unlashtirgan muhim tashabbuslardan biri sifatida talaba-yoshlarda katta taassurot qoldirdi.