Yangiliklar

img
Mon, 03/23/2026 - 21:10

Talaba-yoshlar bilan bevosita muloqot

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov Talabalar turar joyiga tashrif buyurib, bu yerda talaba-yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Mazkur tashrif Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan yoshlarga oid davlat siyosati, xususan, payshanba kunining “Yoshlar kuni” sifatida e’tirof etilgani doirasida amalga oshirildi. Ushbu tashabbus yoshlarning muammolarini joyida o‘rganish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda ijtimoiy faolligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Tashrif davomida rektor turar joy xonalarining jihozlanishi, yaratilgan maishiy sharoitlar, o‘quv va dam olish uchun ajratilgan hududlar holatini ko‘zdan kechirdi. Shuningdek, talabalar uchun tashkil etilgan ma’naviy-ma’rifiy muhit, kitobxonlik va mustaqil ta’lim olish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.

Talabalar bilan ochiq muloqot jarayonida ularning fikr-mulohazalari, taklif va tashabbuslari tinglandi. Yoshlarning yashash sharoitlarini yanada yaxshilash, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda ilmiy-ijodiy faolligini qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.

Tashrif yakunida mavjud sharoitlarni yanada takomillashtirish, talabalarning ehtiyoj va takliflarini inobatga olgan holda tizimli ishlarni izchil davom ettirish yuzasidan tegishli mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.