Yangiliklar

img
Wed, 02/11/2026 - 19:47

Talaba-qizlarning ilm-ma’rifati – jamiyat taraqqiyotining muhim omili

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Respublika Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi huzuridagi “Oila va gender” ilmiy tadqiqot instituti bo‘lim boshlig‘i, pedagogika fanlari nomzodi, professor, faxriy senator Abdurahimova Farida Yo‘ldashevna ishtirokida “Talaba-qizlarning ilm-ma’rifati – jamiyat taraqqiyotining muhim omili” mavzusida mazmunli va ma’rifiy uchrashuv tashkil etildi. Unda professor-o‘qituvchilar, talaba-qizlar, yoshlar yetakchilari hamda universitet rahbariyati vakillari ishtirok etdilar.

Tadbirni universitet rahbariyati ochib berib, mehmonning ilmiy va jamoatchilik faoliyati haqida qisqacha ma’lumot berdi. Ta’kidlanganidek, Farida Yo‘ldashevna oila institutini mustahkamlash, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda gender tenglikni ta’minlash yo‘nalishlarida samarali ilmiy va amaliy ishlar olib bormoqda.

Professor o‘z ma’ruzasida talaba-qizlarning ilm olishga bo‘lgan intilishi jamiyat taraqqiyotining muhim omillaridan biri ekanini alohida urg‘u bilan ta’kidladi. U jamiyatning intellektual salohiyati avvalo ta’lim tizimiga, xususan, yoshlarning, ayniqsa, qizlarning bilim darajasiga bog‘liq ekanini qayd etdi. Farida Yo‘ldashevna yoshlar bilan muloqot chog‘ida doimiy ravishda o‘z ustida ishlash, kitob mutolaasiga e’tibor qaratish, zamonaviy axborot texnologiyalarini o‘zlashtirish hamda faol fuqarolik pozitsiyasiga ega bo‘lish zarurligini ta’kidladi. U ilm va ma’rifat insonni yuksaltirishi, uning hayotda muvaffaqiyat qozonishida muhim ahamiyat kasb etishini hayotiy misollar orqali tushuntirib berdi.

 

Uchrashuv davomida talaba-qizlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, ilmiy faoliyatni boshlash, grant va stipendiya dasturlarida ishtirok etish, shaxsiy rivojlanish hamda liderlik ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha tavsiyalar oldilar. Mehmon har bir savolga batafsil va asosli javob berdi.

 

Tadbir yakunida faol talaba-qizlarga esdalik sovg‘alari topshirildi hamda barcha ishtirokchilarga minnatdorlik bildirildi. Mazkur uchrashuv talabalarda katta taassurot qoldirib, ularni yanada bilimli, tashabbuskor va faol bo‘lishga undadi.