Tadqiqotchimizning kichik tadqiqoti nashrdan chiqdi
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti O‘zbek adabiyoti va uni o‘qitish metodikasi kafedrasi 3-bosqich tayanch doktoranti Meyliyeva Nasibaning “Uch tilda turkcha” nomli kitobi nashrdan chiqdi.
“O‘zbekcha–Turkcha–Ruscha” formatida yaratilgan mazkur qo‘llanma turk tilini mustaqil o‘rganishni istovchilar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, o‘quvchilarga tilni noldan boshlab B2 darajasigacha bosqichma-bosqich egallash imkonini beradi. Kitob “oddiyidan murakkabga” tamoyili asosida tuzilgan bo‘lib, unda til o‘rganish jarayonining barcha muhim bosqichlari izchil yoritilgan.
Qo‘llanmada turk tilining asosiy grammatik qoidalari, kundalik muloqotda qo‘llaniladigan dialoglar, turli mavzularga oid matnlar hamda amaliy mashqlar o‘rin olgan. Ayniqsa, materiallarning o‘zbekcha, turkcha va ruscha parallel tarjimalar asosida berilgani o‘quvchilarga mavzularni oson anglash va mustahkamlash imkonini yaratadi. Mavzularning sodda va tushunarli tilda izohlangani esa kitobdan mustaqil ta’lim jarayonida samarali foydalanishga xizmat qiladi.
“Uch tilda turkcha” qo‘llanmasining yana bir muhim jihati shundaki, unda tilni o‘zlashtirishda nazariy bilimlar bilan bir qatorda amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Shu bois kitob nafaqat boshlang‘ich bosqichdagi o‘quvchilar, balki turk tilidagi bilimlarini takomillashtirishni maqsad qilgan kitobxonlar uchun ham foydali manba bo‘lib xizmat qiladi.

Bugungi globallashuv sharoitida xorijiy tillarni o‘rganishga bo‘lgan qiziqish tobora ortib borayotgan bir paytda mazkur nashr turk tilini o‘rganishni istagan talabalar, tadqiqotchilar, tarjimonlar hamda keng kitobxonlar ommasi uchun muhim amaliy qo‘llanma sifatida ahamiyat kasb etadi.
Meyliyeva Nasibaning ushbu kitobi zamonaviy til o‘rgatish tamoyillari asosida yaratilgani bilan e’tiborga molik bo‘lib, o‘zbek kitobxonlariga turk tilini qulay va samarali o‘rganish imkonini taqdim etadi.

