Yangiliklar

img
Mon, 02/23/2026 - 19:45

Tadqiqotchilar uchun maxsus oʻquv kurslari boshlandi

Alisher Navoiy nomidagi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida ilk bor tayanch doktorantlar, doktorantlar va mustaqil izlanuvchilar uchun mo‘ljallangan fundamental o‘quv kurslari boshlandi. Kurslar doirasidagi dastlabki mashg‘ulot 2026-yil 23-fevral kuni o‘tkazildi.

Oʻquv kurslarini universitet Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Nozliya Normurodova ochib berdi. U zamonaviy ilmiy tadqiqotlarda metodologik tafakkur, nazariy asoslanganlik va fanlararo yondashuvning ahamiyati haqida so‘z yuritdi. Ilmiy izlanishda puxta konseptual asos va innovatsion yondashuv tadqiqot samaradorligini belgilashi ta’kidlandi.

Professor Klara Mavlanova “Ta’lim-tarbiya nazariyasi va metodikasi ixtisosligida tadqiqot olib borish strategiyasi” mavzusida ma’ruza qildi. Unda ilmiy muammoni aniqlash, tadqiqot dizaynini ishlab chiqish, metod tanlash mezonlari va natijalarni tizimli bayon etish masalalari yoritildi. Nazariya va amaliyot uyg‘unligi ilmiy izlanishning muhim sharti ekani qayd etildi.

  

Dotsent Nargiza Mahmudova “Emerging Research Directions in Contemporary Literary Studies” mavzusida taqdimot qildi. Ma’ruzada zamonaviy adabiyotshunoslikda shakllanayotgan yangi ilmiy yo‘nalishlar, nazariy va qiyosiy tadqiqotlar, fanlararo yondashuvlar, empirik hamda raqamli metodlar haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, formalizm va strukturalizm, poststrukturalizm, dekonstruksiya, feminist adabiy tanqid, postkolonial nazariya, kognitiv adabiyotshunoslik, ekotanqid va raqamli gumanitar tadqiqotlar kabi yo‘nalishlarning asosiy g‘oyalari tahlil qilindi.

  

Mazkur kurslar yosh tadqiqotchilarning metodologik savodxonligini oshirish, ilmiy tafakkurini kengaytirish va xalqaro talablarga mos, raqobatbardosh tadqiqotlar olib borish ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qiladi. Mashg‘ulotlar tinglovchilarda katta qiziqish uyg‘otdi, savol-javoblar jarayonida amaliy tavsiyalar berildi.