Tadbirkor ayollar bilan uchrashuv o’tkazildi
24-iyul kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida xalqaro ishbilarmon ayollar bilan uchrashuv tashkil etildi. Tadbir yoshlarning tadbirkorlikka bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularga zamonaviy biznes yuritish bo‘yicha tavsiyalar berish hamda amaliy tajribalarni ulashishga qaratildi.
Uchrashuvda Xalqaro ishbilarmon “Tadbirkor ayol” assotsiatsiyasi raisi oʻrinbosari N.Yakubova ishtirok etib, tadbirkorlik faoliyatini boshlash, biznesni rivojlantirish, ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash va zamonaviy imkoniyatlardan samarali foydalanish yuzasidan o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar. Tadbirda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Xotin-qizlar bilan ishlash va targ‘ibot guruhlarini muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i Irodaxon Axmedova ham soʻzga chiqib, bugungi kunda daatimiz tomonidan xotin-qizlarga yaratilayotgan imkoniyatlar haqida soʻz yuritdi.
Tadbirda universitet rahbariyati vakillari ham qatnashdi. Xususan, universitetning birinchi prorektori G. Jo‘rayeva yoshlarga bildirilayotgan e’tibor, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar.
Uchrashuv davomida talabalarga biznesni yo‘lga qo‘yish, innovatsion g‘oyalarni amalga oshirish, liderlik fazilatlarini shakllantirish hamda muvaffaqiyat sari intilish borasida foydali tavsiyalar berildi. Tadbir ochiq muloqot ruhida o‘tib, faol savol-javoblar bilan davom etdi.

Mazkur uchrashuv yoshlarning bilim va ko‘nikmalarini boyitish, ularni tadbirkorlik faoliyatiga kengroq jalb etish hamda kelgusidagi kasbiy rivojlanishlari uchun muhim motivatsion maydon bo‘lib xizmat qildi.


