Sun’iy intellekt va xavfsizlik masalalari muhokama qilindi
Joriy yilning 30-aprel holatiga ko‘ra Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining 2026-yil 7-apreldagi 5/3-1018-26-son topshirig‘i asosida “Sun’iy intellektning zulmatli tomoni” mavzusida ochiq dars mashg‘uloti tashkil etildi.
Mazkur tadbir Kompyuter lingvistikasi va raqamli texnologiyalar kafedrasi o‘qituvchisi, tayanch doktorant (PhD) Aloyev Narzulla Rahmatillayevich tomonidan olib borildi. Unda talabalar faol ishtirok etib, zamonaviy texnologiyalar, xususan sun’iy intellektdan foydalanish jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlar haqida atroflicha ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
Mashg‘ulot davomida iqtisodiy jinoyatlarning oldini olish masalalari keng yoritildi. Xususan, moliyaviy firibgarlikning zamonaviy turlari, internet tarmog‘i orqali sodir etilayotgan noqonuniy operatsiyalar, shuningdek sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida amalga oshirilayotgan firibgarlik usullari haqida batafsil tushunchalar berildi. Ma’ruzachi bunday holatlarga qarshi kurashishda fuqarolarning huquqiy bilimlari, raqamli savodxonligi va hushyorligi muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladi.
Dars jarayonida real hayotiy misollar asosida talabalarga turli firibgarlik sxemalari tushuntirildi hamda ulardan himoyalanish yo‘llari muhokama qilindi. Interaktiv savol-javoblar orqali ishtirokchilarning mavzu yuzasidan bilimlari mustahkamlandi va ularning mustaqil fikrlash ko‘nikmalari rivojlantirildi.
Shuningdek, tadbir davomida yoshlar ongida halollik, qonunlarga hurmat, moliyaviy savodxonlik va mas’uliyat hissini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Sun’iy intellektdan to‘g‘ri va maqsadli foydalanish, undan kelib chiqadigan xavflarni anglash hamda oldini olish bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi.
Tadbir yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar hamda mavzu yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirdilar. Mazkur ochiq dars talabalarning zamonaviy texnologiyalar borasidagi bilimlarini boyitish, ularni turli tahdidlardan ogoh etish va mas’uliyatli foydalanuvchi sifatida shakllanishida muhim ahamiyat kasb etdi

