Yangiliklar

img
Fri, 03/06/2026 - 11:33

Sport musobaqalari tashkil etildi

Prezident farmoyishiga muvofiq Payshanba — Yoshlar kuni munosabati bilan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida talaba-yoshlar o‘rtasida sport musobaqalari tashkil etildi. Mazkur sport tadbirlari yoshlarning jismoniy faolligini oshirish, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish hamda talaba-yoshlarni sport bilan muntazam shug‘ullanishga jalb etish maqsadida o‘tkazildi.

Sport musobaqalari universitet sport murabbiyi R. Alimboyeva hamda tyutorlar B. Tulaganov, Z. Abdikarimov, Sh. G‘apporov va B. Ergashev boshchiligida tashkil etildi. Unda universitet talaba-yoshlari faol ishtirok etib, o‘zaro sport bellashuvlarida qatnashdilar.

Musobaqalar “Talabalar ligasi” va “Universiada” doirasida o‘tkazilib, talabalar o‘rtasida voleybol, basketbol, stol tennisi hamda shaxmat-shashka sport turlari bo‘yicha bellashuvlar tashkil etildi. Turli fakultet va yo‘nalishlarda tahsil olayotgan talabalar jamoalari ushbu sport turlarida faol ishtirok etib, o‘z mahorati, jismoniy tayyorgarligi hamda jamoaviy hamkorlik ko‘nikmalarini namoyon etdilar.

Bellashuvlar davomida ishtirokchilar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhiti shakllanib, musobaqalar qiziqarli va ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Talabalar sportning turli yo‘nalishlarida o‘z imkoniyatlarini sinab ko‘rish bilan birga, jamoaviy birdamlik, irodalilik hamda sport madaniyatini namoyon etdilar.

 

Musobaqa yakunida yuqori natija ko‘rsatgan jamoalar va sportchilar universitet rahbariyati tomonidan faxriy yorliqlar hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Ushbu sport tadbiri talaba-yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, ularning sportga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish hamda jamoaviylik ruhini mustahkamlashga xizmat qildi.