Yangiliklar

img
Mon, 03/30/2026 - 15:01

Sinxron tarjimonlar tayyorlash: nazariya va amaliyot uygʻunligi

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida sinxron tarjimonlar tayyorlash yo‘nalishida izchil va tizimli ishlar olib borilmoqda. Ta’lim jarayonida nazariy bilimlarni amaliy faoliyat bilan uyg‘unlashtirish, talabalarni real tarjima muhitiga olib kirish hamda ularning professional kompetensiyalarini shakllantirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.

Universitetning “Tarjima nazariyasi va amaliyoti” fakulteti talabalari ushbu yondashuv asosida turli xalqaro va respublika miqyosidagi tadbirlarga jalb etilib, sinxron tarjima bo‘yicha amaliy tajriba orttirib kelmoqda. Bu jarayon ularning tezkor fikrlash, aniq ifoda va samarali kommunikatsiya olib borish ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Xususan, 2026 yil 27 mart kuni Toshkent shahrida “Trening natijalarini mustahkamlash va tajriba almashish” mavzusida tashkil etilgan xalqaro davra suhbatida universitet talabalari volontyor sifatida ishtirok etdilar. Tadbir “Markaziy Osiyo Uyushmasi” jamiyatining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamda Buyuk Britaniyaning Toshkentdagi elchixonasi hamkorligida, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) instituti ishtirokida o‘tkazildi.  

Tadbir davomida talabalar sinxron tarjima jarayonlarida bevosita qatnashish bilan birga, advokatsiya va fuqarolik jamiyati faoliyatiga oid muhim yo‘nalishlar bilan ham tanishdilar. Jumladan, ular mini-grant loyihalari natijalari taqdimoti, real keyslar asosida ishlab chiqilgan tashabbuslar hamda mahalliy muammolarni hal etishga qaratilgan amaliy yondashuvlar muhokamalarida ishtirok etdilar.

 

Mazkur tajriba talabalar uchun nafaqat tarjima amaliyotini mustahkamlash, balki xalqaro hamkorlik, loyiha faoliyati va ijtimoiy tashabbuslarni anglash nuqtayi nazaridan ham muhim ahamiyat kasb etdi. Bunday integrativ yondashuv sinxron tarjimonlar tayyorlash tizimining samaradorligini oshirishga, talabalarni xalqaro professional muhitga puxta tayyorlashga xizmat qilmoqda.