Sartaroshlik xonasida amaliy mashg‘ulotlar
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabalari uchun tashkil etilgan sartaroshlik xonasi faoliyati doirasida navbatdagi amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Mazkur mashg‘ulotlar ota-tyutorlar Mamatkulova Mayago‘zal va Mamajonova Nodira boshchiligida tashkil etilib, talabalarning kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda ularning ijodiy salohiyatini yuzaga chiqarishga qaratildi.
Mashg‘ulotlar jarayonida talabalar soch turmaklash, pardoz berish hamda umumiy sartaroshlik mahorati bo‘yicha nazariy bilimlarini amaliyot bilan mustahkamlash imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Har bir ishtirokchi zamonaviy uslublar, estetik did va mijoz bilan ishlash madaniyati bo‘yicha tavsiyalar olib, o‘z mahoratini bosqichma-bosqich takomillashtirib bordi.
Amaliy darslar davomida ijodiy yondashuvga alohida e’tibor qaratilib, talabalar turli soch turmaklari va pardoz variantlarini mustaqil ravishda bajarib ko‘rishdi. Bu esa ularda nafaqat kasbiy ko‘nikmalar, balki mas’uliyat, aniqlik va did bilan ishlash madaniyatini ham shakllantirishga xizmat qildi.

Sartaroshlik xonasida tashkil etilayotgan bunday mashg‘ulotlar talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni amaliy hunarga yo‘naltirish hamda o‘z ustida ishlashga undashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur tashabbus universitetda iqtidor va qiziqishlarni qo‘llab-quvvatlash, talaba-yoshlarning kasbiy va shaxsiy rivojlanishiga ko‘maklashish borasidagi tizimli ishlarning uzviy qismi hisoblanadi.


