Ruhiy tushkunlik va stressli vaziyatlardan chiqishning psixologik asoslari
A. Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida talabalar uchun muhim ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Universitet psixologi Nozima To‘xtayeva tomonidan o‘tkazilgan davra suhbati aynan yoshlar orasida keng uchrayotgan ruhiy tushkunlik, stress va psixologik zo‘riqish holatlarining oldini olish hamda ularni yengib o‘tish yo‘llariga bag‘ishlandi.
Tadbir davomida talabalarga stressning kelib chiqish sabablari, uning inson ruhiyati va kundalik faoliyatiga ta’siri haqida batafsil tushuntirishlar berildi. Shuningdek, salbiy emotsional holatlardan chiqishning samarali usullari, ijobiy fikrlashni shakllantirish, muammoli vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilish kabi masalalar yuzasidan amaliy tavsiyalar taqdim etildi.
Davra suhbati ochiq va samimiy muloqot tarzida tashkil etilib, ishtirochilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassisdan batafsil javob olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Bu esa talabalarning psixologik bilimlarini oshirish, o‘z ruhiy holatini anglash va boshqarish ko‘nikmalarini mustahkamlashga xizmat qildi.
Ma’lumot o‘rnida, universitetda psixologik xizmat doirasida “Psixolog qabuli” muntazam ravishda davom etmoqda. Ushbu xizmat orqali professor-o‘qituvchilar, xodimlar va talabalar stress, surunkali tushkun kayfiyat, muomaladagi qiyinchiliklar, shaxsiy hamda ta’lim jarayoniga oid muammolar yuzasidan malakali psixolog ko‘magidan foydalanishlari mumkin.

Qabul Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tarmoq markazi binosida (2-TTJ oldida), 110-xonada olib boriladi. Murojaat uchun telefon: +998 (90) 715-88-68.

Shuningdek, murojaatchilarning shaxsiy ma’lumotlari to‘liq sir saqlanishi hamda psixologik xizmatlar bepul asosda taqdim etilishi ta’kidlanadi.

