Yangiliklar

img
Sun, 03/01/2026 - 20:15

Rektor murojaatnomasi

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti jamoasi, professor-o‘qituvchilari va talabalariga

 

MUROJAATNOMA

 

Hurmatli universitet jamoasi – aziz professor-o‘qituvchilar, qadrli talabalar va fidoyi xodimlar!

 

Davlatimiz rahbarining 2026-yil 24-fevral kuni yoshlar bilan o‘tkazgan ochiq muloqotida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida aniq reja va maqsadli ko‘rsatkichlar asosida chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi.

 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar yoshlarning intellektual salohiyatini yuksaltirish, tadbirkorlik faolligini oshirish, xorijiy tillarni puxta o‘zlashtirish va milliy madaniyatimizni jahon miqyosida targ‘ib etishga qaratilgan. Ushbu vazifalar universitet faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilandi.

 

2026–2027 o‘quv yilidan universitetda Yoshlar tashabbus markazi tashkil etiladi. Yil davomida kamida 30 ta startap g‘oya saralab olinadi, ularning 10 tasi moliyaviy va tashkiliy jihatdan qo‘llab-quvvatlanadi. Yosh tadqiqotchilar ishtirokida 20 ta ilmiy loyiha amalga oshiriladi, xalqaro ilmiy jurnallardagi maqolalar soni 25 foizga oshiriladi. 150 nafar talaba xorijiy tillar bo‘yicha xalqaro sertifikat olishga tayyorlanadi.

 

2027-yilga qadar Hindiston, Xitoy, Qozog‘iston, Pokiston va Italiyada 5 ta O‘zbek tili va madaniyati markazi ochiladi. Ushbu markazlar orqali har yili kamida 500 nafar xorijiy tinglovchi o‘zbek tili bo‘yicha o‘qitiladi, 20 ta xalqaro ilmiy va madaniy tadbir tashkil etiladi.

 

Oksford universitetida yo‘lga qo‘yilgan O‘zbekshunoslik dasturi doirasida 2026–2028-yillarda 4 ta qo‘shma o‘quv moduli joriy etiladi, 4 nafar professor-o‘qituvchi qisqa muddatli akademik safarga yuboriladi, 15 nafar yosh tadqiqotchi qo‘shma ilmiy loyihalarda ishtirok etadi. “UzAcademy” raqamli platformasi xalqaro ta’lim muhitiga integratsiya qilinib, kamida 1000 nafar xorijiy tinglovchi uchun onlayn kurslar ochiladi.

 

Qo‘shma ta’lim dasturlari soni 2027-yilga qadar 3 taga yetkaziladi. Orhun almashinuv dasturi, Erasmus+ va boshqa xalqaro dasturlar orqali har yili kamida 200 nafar talaba va 30 nafar professor-o‘qituvchining akademik mobilligi ta’minlanadi. Xalqaro hamkor universitetlar soni 40 taga yetkaziladi.

 

Kitobxonlikni rivojlantirish maqsadida “Bir oy – bir kitob” dasturi doirasida 2500 nafar talaba qamrab olinadi, 25 ta ijodiy uchrashuv tashkil etiladi, kutubxona fondi 20 foizga boyitiladi. Bitiruvchilarning ish bilan ta’minlanish darajasi 95 foizga yetkaziladi, 30 ta tashkilot bilan hamkorlik shartnomalari imzolanadi.

 

Chora-tadbirlar ijrosi har chorak yakuni bo‘yicha tahlil qilinadi va natijalar aniq indikatorlar asosida baholanadi. Ijro holati rektor nazoratida bo‘ladi.

 

Universitet o‘zbek tili va madaniyatini jahon miqyosida targ‘ib etadigan, raqobatbardosh va yuksak ma’naviyatli mutaxassislar tayyorlaydigan ilmiy-ma’rifiy markaz sifatida faoliyatni izchil davom ettiradi. Davlatimiz rahbari belgilab bergan vazifalarni amaliy natijalar bilan ta’minlash asosiy maqsadimizdir.

 

Yoshlar Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining hal qiluvchi kuchidir.

 

Hurmat bilan,

 

Alisher Navoiy nomidagi

Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti

universiteti rektori, akademik

Shuhrat Sirojiddinov