Rektor kubogi: voleybol musobaqasi o‘tkazildi
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida jismoniy tarbiya va sportni keng ommalashtirish, jamoada sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishga qaratilgan navbatdagi keng ko‘lamli tadbir yuqori saviyada tashkil etildi. Universitet professor-o‘qituvchilari hamda ishchi-xodimlari ishtirokida 9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan sportning voleybol turi bo‘yicha an’anaviy “Rektor kubogi” musobaqasining hal qiluvchi bahslari bo‘lib o‘tdi. Ushbu sport bayramini o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad xodimlarning jismoniy faolligini oshirish, ularning dars va ish jarayonlaridan tashqari bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish hamda universitetning turli tuzilmalari o‘rtasida o‘zaro hamjihatlik, jamoaviylik va do‘stona aloqalarni yanada mustahkamlashdan iboratdir.
Musobaqa doirasida maydonga tushgan har bir jamoa g‘oliblik uchun bor kuch va mahoratini ishga soldi, bu esa o‘yinlarning shiddatli va murosasiz kechishini ta’minladi. Kafedra va bo‘limlardan tarkib topgan tarkiblar o‘rtasidagi uchrashuvlar muxlislarning qizg‘in qo‘llab-quvvatlashlari va yuqori hissiyotlar ostida o‘tdi. Har bir ochko uchun kechgan keskin kurashlar yakunida barcha raqiblarini ortda qoldirgan Kechki bo‘lim jamoasi faxrli birinchi o‘rinni egallab, musobaqaning mutloq g‘olibiga aylandi. Shuningdek, o‘zining chiroyli va tartibli o‘yinlari bilan ajralib turgan Registrator ofis jamoasi ikkinchi o‘rinni, shiddatli bahslarda o‘z mahoratini namoyish etgan Rektorat jamoasi esa uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Tadbirning yakuniy qismida g‘olib va sovrindor bo‘lgan jamoalarni tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Musobaqa g‘oliblariga bosh sovrin — “Rektor kubogi” hamda universitet rahbariyatining maxsus diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi. Tashkilotchilar ushbu sport turniri nafaqat jismoniy salomatlikni tiklash, balki jamoaviy ruhni va ish unumdorligini oshirishda muhim omil bo‘lishini alohida ta’kidlab o‘tdilar. Yuqori saviyada, samimiy va sog‘lom raqobat muhitida o‘tgan ushbu musobaqa barcha ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat hamda unutilmas unutilmas lahzalarni hadya etdi.


