Yangiliklar

img
Mon, 05/04/2026 - 16:17

Raqamlashtirish asrida turkologiyaning dolzarb masalalari muhokama qilindi

2026-yil 29-aprel kuni Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti O‘zbek adabiyoti tarixi va matnshunoslik kafedrasi professor-o‘qituvchilari Ahmad Yassaviy nomidagi Xalqaro qozoq turk universiteti Turk filologiyasi fakultetida tashkil etilgan xalqaro ilmiy seminarda ishtirok etdi. 

Seminar “Raqamlashtirish asrida turkologiyaning dolzarb masalalari (Qozog‘iston va O‘zbekiston tajribasi)” mavzusiga bag‘ishlandi. Unda professor Orzigul Hamroyeva, dotsentlar Ozoda Tojiboyeva, Zilola Shukurova va Gulrux Xudoyorova ma’ruza bilan qatnashdi. Shuningdek, mezbon universitet professor-o‘qituvchilari tomonidan ham mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ilmiy ishlar yuzasidan taqdimotlar qilindi.

Ma’ruzalarda turkologiyada raqamlashtirish jarayonlarining nazariy va amaliy jihatlari, qo‘lyozma manbalarni zamonaviy texnologiyalar asosida saqlash, elektron bazalar yaratish, ilmiy matnlar bilan ishlashda raqamli vositalarning o‘rni kabi masalalar yoritildi. Tinglovchilar tomonidan mavzuga oid savollar berilib, atroflicha ilmiy muhokamalar olib borildi.

Seminar davomida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, xususan mumtoz manbalar va qo‘lyozmalarni raqamlashtirish bo‘yicha qo‘shma loyihalar ishlab chiqish, tajriba almashish hamda yosh tadqiqotchilarni ushbu jarayonlarga jalb etish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.