Yangiliklar

img
Thu, 03/26/2026 - 20:36

Rahbar va yoshlar uchrashuvi

2026-yil 3-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to‘g‘risida”gi PF-33-son Farmoni qabul qilindi.

Mazkur farmonning mazmun-mohiyatini keng targ‘ib qilish, aholining huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida fuqarolar bilan ochiq muloqot tashkil etildi. Unda fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumani sudi raisi o‘rinbosari Ismailov Mavlonbek Matyakubovich, Yakkasaroy tumani sudyasi Qosimxo‘jayeva Barno Baxtiyorovna hamda tuman hokimi o‘rinbosari Rixsiboyev Otabek Ravshanbekovich ishtirok etdilar.

Uchrashuv davomida farmonning asosiy yo‘nalishlari atroflicha yoritildi. Xususan, ayollar va bolalar huquqlarini ishonchli himoya qilish, ularga nisbatan har qanday tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish, jabrlanuvchilarga huquqiy, ijtimoiy hamda psixologik yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish masalalari keng muhokama qilindi. Shuningdek, bu borada davlat organlari, mahalla va jamoatchilikning o‘zaro hamkorligini kuchaytirish zarurligi alohida ta’kidlandi.

Tadbir jarayonida ishtirokchilar tomonidan amaliy misollar asosida tushuntirishlar berilib, mavjud qonunchilik normalari sodda va tushunarli tarzda izohlandi. Fuqarolarga o‘z huquqlarini himoya qilish, muammoli vaziyatlarda qayerga murojaat qilish lozimligi yuzasidan muhim tavsiyalar berildi.

 

Shuningdek, tadbir davomida fuqarolar tomonidan bildirilgan muammolar tinglanib, ularning murojaatlari yuzasidan aniq huquqiy tushuntirishlar va amaliy tavsiyalar berildi. Bu esa fuqarolarning davlat siyosatiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash bilan birga, ularning huquqiy bilimlarini oshirishga xizmat qildi.

 

Mazkur tadbir jamiyatda sog‘lom ijtimoiy muhitni shakllantirish, xotin-qizlar va bolalarning huquqlarini ta’minlash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, zo‘ravonlikka nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etadi.