Yangiliklar

img
Wed, 05/20/2026 - 19:22

Qozoq tilida “Boburnoma” izohli lug‘ati nashr etildi

2026-yil 20-may kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Qozoq Milliy universiteti Turon-Eron ilmiy tadqiqot markazi direktori, filologiya fanlari doktori, professor Islam Jemeney tomonidan tuzilgan “Boburnoma” izohli lug‘ati kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Mazkur ilmiy-ma’rifiy tadbirda universitet professor-o‘qituvchilari, ilmiy tadqiqotchilar, doktorantlar, magistrantlar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi. Taqdimot davomida “Boburnoma” asarining til xususiyatlari, unda qo‘llangan tarixiy va adabiy birliklarning mazmun-mohiyati, izohli lug‘atning yaratilish jarayoni hamda uning bugungi turkologiya va boburshunoslik ilm-fani rivojidagi o‘rni haqida batafsil fikr yuritildi.

Tadbirni universitetning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori, filologiya fanlari doktori, professor Nurboy Jabborov ochib berdi. U o‘z nutqida keyingi yillarda turkiy xalqlar umumiy adabiy merosini chuqur tadqiq etish, tarixiy manbalarni ilmiy muomalaga kiritish va mumtoz asarlarning zamonaviy ilmiy talqinlarini yaratish masalalari dolzarb ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi. Shuningdek, “Boburnoma” izohli lug‘ati nafaqat filologiya sohasi mutaxassislari, balki tarixchilar, tarjimonlar, sharqshunoslar hamda yosh tadqiqotchilar uchun muhim ilmiy manba bo‘lib xizmat qilishini qayd etdi.

Professor Islam Jemeney o‘z ma’ruzasida lug‘atni yaratish jarayoni uzoq yillik izlanishlar mahsuli ekanini, unda “Boburnoma” matnida uchraydigan qadimiy so‘zlar, tarixiy atamalar, geografik nomlar hamda madaniy tushunchalarga izoh berilganini aytib o‘tdi. Olimning ta’kidlashicha, ushbu lug‘at asarni zamonaviy o‘quvchilar uchun yanada tushunarli qilish, Bobur merosini keng targ‘ib etish hamda turkiy xalqlar o‘rtasidagi ilmiy-adabiy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

 

Taqdimot davomida so‘zga chiqqan mutaxassislar “Boburnoma”ning jahon adabiy merosidagi o‘rni, Bobur ijodining turkiy xalqlar madaniyati va adabiyotidagi ahamiyati hamda yangi izohli lug‘atning ilmiy tadqiqotlar uchun muhim manba ekanini alohida ta’kidladilar. Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, mavzu yuzasidan ilmiy fikr almashdilar.