Yangiliklar

img
Sat, 04/27/2024 - 11:51

Qozog'iston safari tafsilotlari

Joriy yilning 22-26-aprel kunlari Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti Ona tili va adabiyot ta'limi fakulteti professor-o'qituvchilari: f.f.d. (PhD) Sohiba Umarova, ped.f.d.(DSc) Klaraxon Mavlonova, f.f.d.(PhD) Matluba Jabborova hamda katta o'qituvchi Dilafro'z Nazarovalar xalqaro hamkorlik doirasida Muxtor Avezov nomidagi Janubiy Qozog'iston universitetida bo'lishdi. Olimlarimiz mazkur universitet talabalariga o'zbek adabiyoti tarixi, qardosh xalqlar adabiyoti hamda til ta'limining dolzarb masalalari, o'zbek tilini o'qitishdagi zamonaviy yondashuvlar haqida ma'ruza va amaliy mashg'ulotlar olib borishdi. Professor-o'qituvchilarimiz tomonidan olib borilgan o'quv mashg'ulotlari talabalarda iliq taassurot qoldirdi, tashkil etilgan mashg'ulotlar kafedra olimlari tomonidan yuqori baholandi.
Safar davomida olimlarimiz universitetning "Muxtorshunoslik" nomidagi ilmiy tadqiqot markazi hamda universitet tarixi muzeyi faoliyati bilan yaqindan tanishishdi.
25-aprel kuni p.f.d. Shahlo Naraliyevaning  taklifi asosida Tashenov nomidagi Janubiy Qozog'iston universiteti O'zbek tili va adabiyoti yo'nalishi 2-3-kurs talabalari bilan o‘zbek adabiyoti tarixi, o'zbek tilini o'qitish metodikasi fanlaridan ma'ruza darslari olib borildi, universitetda tashkil etilgan "O'zbek milliy-madaniy markazi" bilan tanishildi. Bundan tashqari, uchrashuvlar davomida ilmiy-metodik ishlar sifatini oshirishga doir kelishuvlarga erishildi.
Mazkur tajriba almashinuv natijalari Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti professor-o‘qituvchilari hamda tadqiqotchilarining o‘quv-ilmiy ishlari sifatini, universitetning xalqaro maydondagi nufuzini oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.