Pedagogik amaliyot jarayonlari o‘rganildi
O‘zbek tili va adabiyoti hamda o‘zga tilli guruhlarda o‘zbek tili yo‘nalishi 3-kurs talabalari tomonidan Chilonzor va Uchtepa tumanlaridagi umumta’lim maktablarida olib borilayotgan 4+2 tizimidagi pedagogik amaliyot jarayonlari amaliyot bo‘limi tomonidan joyiga chiqib batafsil o‘rganildi. Mazkur o‘rganish ishlari ta’lim sifatini oshirish, talabalar faoliyatini tizimli tahlil qilish hamda ularning kasbiy tayyorgarligini yanada mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.
O‘rganish jarayonida talabalarning dars o‘tish metodikasi, mavzuni tushuntirish uslublari, interfaol metodlardan foydalanish darajasi, o‘quvchilar bilan muloqot qilish madaniyati hamda dars jarayonini samarali tashkil etish ko‘nikmalari atroflicha tahlil qilindi. Shuningdek, talabalarning darsga tayyorgarlik darajasi, o‘quv materiallaridan foydalanishi, zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qo‘llash imkoniyatlari ham alohida e’tiborga olindi.
Natijalar asosida har bir talabaning faoliyati yuzasidan tegishli xulosalar chiqarilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Ilg‘or tajribaga ega talabalar faoliyati alohida e’tirof etilib, ularning ish uslublarini kengroq ommalashtirish yuzasidan takliflar bildirildi.

Mazkur nazorat va tahlil ishlari pedagogik amaliyot samaradorligini oshirish, ta’lim jarayonini takomillashtirish hamda bo‘lajak o‘qituvchilarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.


