Payshanba – “Yoshlar kuni” doirasida kibermakonda xavfsizlik masalalariga bag‘ishlangan profilaktik uchrashuv o‘tkazildi
Joriy yilning 12-mart kuni Payshanba – “Yoshlar kuni” munosabati bilan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida talaba-yoshlar o‘rtasida huquqiy madaniyatni oshirish hamda ularni kibermakonda sodir etilayotgan jinoyatlardan ogoh etish maqsadida “Kibermakonda jinoyatchiliklardan ogohlik” mavzusida profilaktik uchrashuv tashkil etildi.
Mazkur tadbirda Yakkasaroy tumani IIO FMB HPB ATSJOOB inspektori, katta leytenant A. J. To‘raqulov, leytenant O. A. Sayakov, 3-IIB katta profilaktika inspektori, podpolkovnik U. A. Karimova hamda universitet psixologi N. To‘xtayeva ishtirok etdilar. Uchrashuv davomida mutaxassislar tomonidan bugungi kunda axborot texnologiyalari jadal rivojlanib borayotgan bir davrda kibermakonda sodir etilayotgan turli jinoyatlar, ularning ko‘rinishlari hamda oqibatlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Tadbir davomida internet orqali amalga oshiriladigan firibgarlik, shaxsiy ma’lumotlarni qo‘lga kiritish, soxta havolalar yuborish, turli messenjerlar orqali aldov yo‘li bilan pul mablag‘larini o‘zlashtirish kabi kiberjinoyat turlari haqida tushuntirishlar berildi. Shuningdek, talabalarga shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, bank kartalari va elektron to‘lov tizimlaridan xavfsiz foydalanish, noma’lum manbalardan kelgan havolalar va fayllarni ochmaslik, ijtimoiy tarmoqlarda shaxsiy ma’lumotlarni oshkor etishda ehtiyotkor bo‘lish zarurligi alohida ta’kidlandi.
Mutaxassislar tomonidan yoshlar orasida kiberxavfsizlik madaniyatini shakllantirish, internetdan oqilona va xavfsiz foydalanish ko‘nikmalarini rivojlantirish bugungi kunning dolzarb masalalaridan biri ekani qayd etildi. Shu bilan birga, talabalar orasida uchrab turadigan turli xavfli holatlar, ularga qarshi kurashish yo‘llari hamda qonunchilikda belgilangan javobgarlik choralari haqida ham ma’lumot berildi.
Uchrashuv jarayonida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, mutaxassislar tomonidan ularga batafsil javoblar va amaliy tavsiyalar berildi. Ayniqsa, internet orqali tarqalayotgan turli firibgarlik sxemalari va ularning oldini olish bo‘yicha berilgan tavsiyalar talaba-yoshlar tomonidan katta qiziqish bilan tinglandi.
Tadbir yakunida bunday profilaktik uchrashuvlar yoshlarni turli tahdid va xavflardan ogoh etish, ularning huquqiy bilimlarini mustahkamlash hamda kibermakonda xavfsiz harakat qilish ko‘nikmalarini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

