O‘zbekiston–Italiya rektorlarining Ikkinchi forumi boshlandi
2026-yil 18-fevral kuni Italiya poytaxti Rim shahrida joylashgan Roma Tre universitetida O‘zbekiston va Italiya oliy ta’lim tashkilotlari rektorlarining Ikkinchi forumi o‘z ishini boshladi. “Italiya va O‘zbekiston o‘rtasida innovatsiyalar hamda akademik hamkorlik: bugungi holat va kelajak istiqbollari” mavzusida o‘tayotgan anjumanda ikki mamlakatning tegishli vazirliklari, Italiya davlat va xususiy universitetlari assotsiatsiyasi hamda yetakchi oliy ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirok etmoqda.
Forumda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti vakillari, ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Nozliya Normurodova hamda xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Ozodaxon Gulyamova qatnashmoqda.
Forum doirasida Italiya Respublikasi Universitetlar va ilmiy tadqiqotlar vaziri Anna Maria Bernini hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipovga Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamda Venetsiyadagi Ka Foskari universiteti olimlari hamkorligida tayyorlangan Marko Poloning “Il Milione” asari asosidagi “Marko Polo va O‘zbekiston: asrlar bo‘yi madaniy muloqot” kitobi tantanali ravishda taqdim etildi. Mazkur nashr avval Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi rasmiy uchrashuv doirasida Italiya Respublikasi Bosh vaziri tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga topshirilgan edi. Taqdimot chog‘ida Anna Maria Bernini xonimga milliy qadriyat ramzi sifatida o‘zbekona chopon sovg‘a qilindi.
Shundan so‘ng forum yalpi majlisida Nozliya Normurodova ma’ruza bilan ishtirok etdi. Uning chiqishi “Fan yo‘nalishlaridan sinergiyaga: Italiya va O‘zbekiston akademik hamkorligining yangi modelida fanlararo yondashuvning muammolari va imkoniyatlari” mavzusiga bag‘ishlandi. Ma’ruzada fanlararo integratsiya, qo‘shma ilmiy platformalar, akademik almashinuv va innovatsion tashabbuslarni yangi bosqichga olib chiqish masalalari yoritildi.

Forum kun tartibidan O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi yangi qo‘shma ilmiy tashabbuslar ham o‘rin oldi. Xususan, “Boburnoma merosini dekodlash: raqamli multidisiplinar ilmiy tadqiqot ekspeditsiyasi” mavzusidagi ikki yillik qo‘shma loyiha taqdim etildi. Loyiha matnshunoslik, tarixiy geografik tahlil, madaniyatlararo tadqiqotlar hamda raqamli gumanitar fanlar yondashuvlarini qamrab oladi. Natijada “Boburnoma” matnining eski o‘zbek yozuvidagi nusxalari, ularning ilmiy tabdili, italyan va ingliz tillaridagi tarjimalari hamda izohlar bilan boyitilgan zamonaviy raqamli platforma yaratish rejalashtirilgan.
Ta’kidlash joizki, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamda Venetsiyadagi Ka-Foskari universiteti o‘rtasida 2025-yil yanvar oyida Erasmus plus K171 dasturi imzolangan bo‘lib, loyiha doirasida universitetning ikki nafar professor o‘qituvchisi Venetsiyada o‘zbek tili, tarixi va madaniyati bo‘yicha dars mashg‘ulotlari olib bordi. Ka Foskari universitetida O‘zbekiston burchagi tashkil etildi.

Shuningdek, Italiya ilmiy va ijodiy muassasalari bilan hamkorlik izchil rivojlanmoqda. Xususan, Rim shahridagi Sapienza universiteti hamda Sandro Teti nashriyoti bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik doirasida Alisher Navoiyning “Lison ut tayr” dostoni italyan tilida yangi nashrda chop etildi. Bundan tashqari, Jovanni Battista Ramuzio muallifligidagi Marko Polo sayohatlarini manbashunoslik va matnshunoslik tamoyillari asosida to‘liq tarjima qilish hamda ilmiy izohlar bilan nashr etish rejalashtirilgan.
Ikkinchi rektorlar forumi O‘zbekiston va Italiya o‘rtasida oliy ta’lim, ilmiy tadqiqotlar hamda madaniy merosni o‘rganish yo‘nalishlarida hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilmoqda.

