Yangiliklar

img
Sat, 05/23/2026 - 18:55

O‘zbek folklori va shevalari tadqiqotlariga bagʻishlangan xalqaro anjuman oʻtkazildi

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “O‘zbek folklori va shevalari tadqiqotlari: amaliyot, metodologiya, yangicha yondashuv” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Mazkur nufuzli anjuman O‘zbek shevashunosligi markazi tomonidan tashkil etilib, filologiya fanlari doktori, professor Samixon Ashirboyevning 80 yillik yubileyi hamda ko‘p yillik ilmiy-pedagogik faoliyatiga bag‘ishlandi.  

Konferensiyaning rasmiy ochilish marosimida universitet rektori, filologiya fanlari doktori, akademik Shuhrat Sirojiddinov xizmat safari sabab tadbirda masofadan turib, videoaloqa orqali ishtirok etdi va konferensiya qatnashchilariga tabrik yo‘lladi. Rektor o‘z nutqida mazkur anjuman O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini oshirishga qaratilgan farmonlari hamda universitet faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha hukumat qarorlarida belgilangan vazifalarning amaliy ifodasi ekanini ta’kidladi. Shuningdek, professor Samixon Ashirboyevning o‘zbek dialektologiyasi, areal lingvistika va qiyosiy turkologiya rivojidagi xizmatlarini alohida e’tirof etdi.

Qayd etilganidek, professor Samixon Ashirboyev o‘zbek tilshunosligining murakkab va fundamental yo‘nalishlari bo‘yicha yirik ilmiy maktab yaratgan olimlardan biridir. Olim tomonidan yaratilgan “Eski o‘zbek tili va yozuvi”, “O‘zbek tilining tarixiy grammatikasi”, “O‘zbek dialektologiyasi”, “Areal lingvistika” kabi darslik va qo‘llanmalar bugungi kunda ham mutaxassislar uchun muhim ilmiy manba sifatida xizmat qilmoqda. Shuningdek, u oliy ta’lim tizimi uchun davlat ta’lim standartlarini ishlab chiqish jarayonida ham faol ishtirok etgan. Olimning ilm-fan taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi “Do‘stlik” ordeni, “Mehnat faxriysi” medali hamda TURKSOYning Ahmad Baytursinov medali bilan munosib taqdirlangan.

Anjumanda O‘zbekistonning yetakchi oliy ta’lim va ilmiy muassasalari olimlari bilan bir qatorda Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston va boshqa davlatlardan tashrif buyurgan tadqiqotchilar ham ishtirok etdi. Konferensiya yalpi yig‘ilish va sho‘ba majlislari shaklida tashkil etilib, unda o‘zbek shevalari, folklorshunoslik, dialektal leksikografiya, lingvokulturologiya, areal tadqiqot metodlari, folklor va adabiy aloqalar hamda yosh tadqiqotchilarning ilmiy izlanishlariga oid dolzarb mavzular muhokama qilindi.  

Konferensiyada ayniqsa o‘zbek tili korpusi va dialektologiya integratsiyasi, shevalarni raqamlashtirish, xaritalashtirish, folklor namunalarini zamonaviy metodologiyalar asosida sinxron va diaxron tahlil qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Turkiy xalqlar tillari va folklorini qiyosiy o‘rganishga bag‘ishlangan ma’ruzalar xalqaro ilmiy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qildi.

Tadbir yakunida konferensiya doirasida ilgari surilgan ilmiy xulosa va tavsiyalar o‘zbek tilshunosligi hamda folklorshunosligi rivojiga muhim hissa qo‘shishi ta’kidlandi. Professor Samixon Ashirboyevning ilmiy maktabi va universitet huzuridagi O‘zbek shevashunosligi markazi kelgusida ham fundamental tadqiqotlar markazi sifatida faoliyat olib borishiga ishonch bildirildi.