O'ZBEK FILOLOGIYASI FAKULTETI

O‘zbek filologiyasi fakulteti O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 13-maydagi Farmoniga ko‘ra, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti O‘zbek filologiyasi fakulteti negizida tashkil qilingan. 
Fakultet 1918-yil 12-may – Turkiston xalq dorilfununiga asos solingan kundan boshlab Adabiyot va falsafa (1918-1920), so‘ngra Sharq fakulteti (1921-1942), Tarix va filologiya (1942-1956), Filologiya (1956-1981-yillarda o‘zbek, rus hamda roman-german filologiyasi, shuningdek, jurnalistika bo‘limlarini o‘z ichiga olgan), nihoyat 1981-yildan O‘zbek filologiyasi fakulteti nomi bilan faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. 
Fakultet talabalariga universitet tashkil etilgan dastlabki yillarda Munavvarqori, Fitrat, Abdulla Avloniy, Abdurahmon Sa’diy kabi olimlar adabiyotshunoslik va tilshunoslikka oid nazariy kurslardan dars berganlar. Ana shu an’ana va tajribalar natijasi o‘laroq, G‘ulom Karimov o‘zbek mumtoz adabiyoti tarixi, Ayyub G‘ulomov o‘zbek tilshunosligi, O‘zbekiston Qahramoni Ozod Sharafiddinov adabiy tanqid, Begali Qosimov o‘zbek milliy uyg‘onish davri adabiyotini tadqiq etish bo‘yicha ilmiy maktab yaratgan. Bu ilmiy maktablar an’analari bugungi kunda ham munosib davom ettirilmoqda.
Fakultetda tahsil olib, ilmda yuksak natijalarga erishgan olimlar ko‘p. Jumladan, tilshunos va adabiyotshunos olimlar: Izzat Sulton, Matyoqub Qo‘shjonov, Azim Hojiyev, Iristoy Qo‘chqortoyev, Naim Karimov, Baxtiyor Nazarov O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi etib saylangan. Sarvar Azimov, G‘ulom Karimov,  Subutoy Dolimov, Matyoqub Qo‘shjonov, Ozod Sharafiddinov, Hafiz Abdusamatov, Laziz Qayumov, Naim  Karimov, Begali Qosimov, Umarali Normatov va Abdug‘afur Rasulovlar O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi unvoniga sazovor bo‘lgan.
Mashhur yozuvchi va shoirlardan Oybek, Abdulla Qahhor, Odil Yoqubov, Saida Zunnunova, O‘lmas  Umarbekov, Xudoyberdi To‘xtaboyev, Shukur Xolmirzayev, Rauf Parfilar ijod sirlarini shu dargohda o‘rganishgan.
Fakultetda tahsil olganlardan to‘rt nafari O‘zbekiston Qahramonlaridir. Ulardan biri – adabiyotshunos olim Ozod Sharafiddinov ko‘p yillar fakultetda adabiy tanqid sirlaridan saboq bergan. O‘zbekiston xalq shoirlari – Abdulla Oripov va Erkin Vohidov, yozuvchi tarjimon, tanqidchi Ibrohim G‘ofurov nafaqat fakultet, balki butun O‘zbekiston faxri sanaladi.

Fakultetda 7 ta kafedra mavjud:

Fakultetda 58 nafar professor-o‘qituvchi, jumladan,  20 nafar fan doktori, professor, 27 nafar fan nomzodi, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy va pedagogik faoliyat olib boradi. Fakultet professor-o‘qituvchilari tilshunoslik va adabiyotshunoslik sohasida nafaqat respublikamizda, balki chet mamlakatlarda ham e’tirof etilgan mutaxassislardir.  Hozirgi kunda fakultetda faoliyat olib borayotgan professor-o‘qituvchilardan yetti nafari O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi hisoblanadi.
Fakultet professor-o‘qituvchilari muallifligidagi mumtoz va zamonaviy adabiyotimizning targ‘ibotiga bag‘ishlangan “Xamsaxonlik”, “Go‘zal yozg‘ichlar”, “Adabiy jarayon”, “Ochiq dars” kabi turkum ko‘rsatuvlar respublika telekanallarida muntazam yoritib boriladi.

Fakultet Turkiyaning Bandirma O‘nyedi Eylul, Ushak, Pamukkale, Anqara Xoja Bayram Vale universitetlari, Karabuk universiteti, Maramara universiteti, Qora dengiz texnika universiteti, Ahmad Yasssaviy nomidagi qozo-turk universiteti, Qozog‘iston Respublikasining Muxtor Avezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston universiteti, AQSHning Shimoliy Alabama universiteti, Ozarbayjon Ilmlar akademiyasining Nasimiy nomidagi Tillar instituti, Qozog‘istonning Gumilev nomidagi Yevroosiyo Milliy universiteti, Oltoy jamoalari til va madaniyatlari ilmiy-amaliy markazi, Shanxay millatlar universiteti kabi xalqaro miqyosdagi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.

Sabohat Bozorovalar (Anqara Xoja Bayram Vale universiteti) xorijda tashkil etilgan malaka oshirish kurslarida o‘zlarining mahoratini oshirish bilan birga, u yerda o‘zbek tilidan talabalarga saboq ham berganlar.
Ushbu fakultetda ayni vaqtda xalqaro ilmiy markazlar, rivojlangan davlatlarda tanilgan filologiya fanlari doktori, professorlar: Hamidulla Dadaboyev, Baxtiyor Abdushukurov, Samixon Ashirboyev, Nurboy Jabborov, Uzoq Joʻraqulov, Bahodir Karimov, Zulxumor Xolmanova, Dilnavoz Yusupovalar faoliyat yuritadi. 

Fakultetda Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindorlari, “Ilhom” mukofoti sohiblari, “Yosh kitobxon” respublika ko‘rik-tanlovi g‘oliblari hamda nomdor stipendiya sovrindorlari tahsil oladi.

2023-yil 26-sentabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti Oʻzbek filologoyasi fakulteti Nazariy va amaliy tilshunoslik kafedrasi professori- Xamidulla Dadaboyev  Xalqaro Amir Temur hayriya jamoat fondi koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi. Universitet hamda fakultet  jamoasi ustozni ushbu mukofot bilan muborakbod etadi va kelgusi ishlarida muvaffaqiyat tilaydi.

Joriy yilning 1-noyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat O'zbek tili va adabiyoti universiteti O'zbek filologiyasi fakulteti,Adabiyot nazariyasi va zamonaviy adabiy jarayon kafedrasi qoshidagi Hozirgi adabiy jarayonda ijodkor oʻrni yoʻnalishidagi nazariy-metodologik seminar rejasi asosida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi,O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Abdumajid Azimning to‘rt jildlik she‘rlar saylanmasi taqdimoti tashkil qilindi.

2023/2024-o‘quv yili uchun Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti bakalavriat bosqichining 6 nafar talabasi Navoiy nomli davlat stipendiyasiga munosib ko‘rildi.

2023/2024 o'quv yili uchun o'tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti granti tanlovi natijalariga ko'ra, O'zbek filologiyasi fakultetining II kurs talabasi Anvarjonova Shahnoza Lochinbek qizi O'zbekiston Respublikasi Prezidenti grantini qo‘lga kiritdi.

Fakultet dekani:  filologiya fanlari doktori, professor Abdushukurov Baxtiyor Bo‘ronovich

2021/2022-o‘quv yilida 5120100 – Filologiya va tillarni o‘qitish (o‘zbek tili) ta’lim yo‘nalishi bitiruvchi  talabalari uchun umumkasbiy va ixtisoslik  (Adabiyotshunoslik  nazariyasi, O‘zbek tili tarixi, Hozirgi o‘zbek tili, O‘zbek tili va adabiyotini o‘qitish metodikasi, O‘zbek adabiyoti tarixi) fanlaridan yakuniy davlat attestatsiyasi sinovlari o‘tkaziladi. Quyidagi havolada dasturni yuklab olishingiz mumkin:
        5120100 – Filologiya va tillarni o‘qitish (o‘zbek tili) ta’lim yo‘nalishi