Yangiliklar

img
Sat, 04/18/2026 - 14:30

O‘zbek adabiyoti va uni o‘qitish metodikasining dolzarb masalalari

2026-yil 17-aprel kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “O‘zbek adabiyoti va uni o‘qitish metodikasining dolzarb masalalari” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Mazkur anjuman o‘zbek adabiyoti hamda uni o‘qitish metodikasiga oid zamonaviy ilmiy tadqiqotlarni muhokama qilish, sohadagi dolzarb muammolarni aniqlash va ularning ilmiy yechimlari yuzasidan fikr almashish maqsadida tashkil etildi.

Anjumanni universitet ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Nozliya Normurodova ochib berdi. U o‘z nutqida adabiyotshunoslik va uni o‘qitish metodikasi sohasida olib borilayotgan izlanishlarni tizimli ravishda rivojlantirish, ularni ta’lim jarayoniga samarali tatbiq etish bugungi kunning muhim vazifalaridan biri ekanini ta’kidladi. Shuningdek, ilmiy-amaliy anjumanlar nafaqat nazariy bilimlarni boyitishi, balki ularni amaliyot bilan uyg‘unlashtirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli ekani qayd etildi.

O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Nurboy Jabborov o‘z nutqida ta’lim jarayonini takomillashtirish, zamonaviy pedagogik texnologiyalarni keng joriy etish va o‘qitish samaradorligini oshirishda bunday anjumanlarning o‘rni beqiyos ekanini alohida ta’kidladi. U adabiyot ta’limida innovatsion yondashuvlarni qo‘llash, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish hamda ilmiy hamkorlikni kuchaytirish zarurligiga e’tibor qaratdi.

Konferensiya doirasida mumtoz adabiyot muammolarini ilmiy-nazariy asoslash, zamonaviy o‘zbek adabiyotining tahlil va talqin masalalari, adabiyot ta’limining metodik asoslari hamda innovatsion yondashuvlarni joriy etish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha sho‘ba yig‘ilishlari tashkil etildi. Ushbu yo‘nalishlarda yetakchi olimlar, professor-o‘qituvchilar, mustaqil tadqiqotchilar hamda iqtidorli yoshlar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etib, ilmiy bahs-munozaralar olib bordilar.

Anjumanning asosiy maqsadi o‘zbek adabiyoti va uni o‘qitish metodikasi doirasida olib borilayotgan eng so‘nggi ilmiy izlanishlarni keng jamoatchilikka taqdim etish, ilmiy fikr almashish muhitini mustahkamlash, shuningdek, yosh tadqiqotchilarning innovatsion g‘oyalari va ilmiy ishlanmalarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat bo‘ldi. Shu bilan birga, konferensiya davomida ko‘tarilgan masalalar va bildirilgan takliflar asosida sohani yanada rivojlantirishga xizmat qiladigan amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi hamda kelgusidagi ilmiy izlanishlar uchun muhim yo‘nalishlar belgilab olindi.