Yangiliklar

img
Tue, 05/05/2026 - 16:48

Ona tili fanining yangi standartlari muhokama qilindi

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika ta’lim markazida ta’lim tashkilotlari vakillari, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari hamda amaliyotchi pedagoglar ishtirokida joriy yilning 20-aprelidan 7-mayiga qadar umumta’lim fanlari bo‘yicha takomillashtirilayotgan Davlat ta’lim standartlari va milliy o‘quv dasturlari loyihalarini muhokama qilish jarayoni davom etmoqda. Ushbu tizimli islohotlar doirasida 2026-yil 4-may kuni ona tili faniga oid takomillashtirilgan Davlat ta’lim standarti va milliy o‘quv dasturi loyihalari ekspertlar muhokamasidan o‘tkazildi. Mazkur mas’uliyatli jarayonda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining ilmiy salohiyati keng jalb etilgan bo‘lib, universitetimizning O‘zbek tili va uni o‘qitish metodikasi kafedrasi professori, pedagogika fanlari doktori Klaraxon Mavlonova hamda tayanch doktorant Husnora Baxtiyorova loyihani tayyorlash va ekspertlarga taqdim etishda alohida faollik ko‘rsatishdi.

Ta’kidlash joizki, ushbu loyihalarni ishlab chiqishda xalqaro tajribaga tayanilgan holda Cambridge University Press & Assessment bilan hamkorlikda mutaxassislarning salohiyati va o‘quv dasturlarini xalqaro standartlarga moslashtirish ishlari amalga oshirildi. Bunda ta’lim bosqichlari mazmuni Ta’limning xalqaro tasniflagichi (ISCED–2011) darajalariga muvofiqlashtirilib, umumiy o‘rta ta’lim bosqichlari uchun o‘quv dasturlari qamrovi ishlab chiqildi. Muhokama jarayonida universitetimiz dotsenti Sanobar Kuldasheva, shuningdek, respublikamizning yetakchi olimlari va amaliyotchi o‘qituvchilar ekspert sifatida faol qatnashib, loyihalarning mazmuniy yaxlitligi, mantiqiy izchilligi va kompetensiyaviy yondashuv asosida tuzilganiga alohida e’tibor qaratdilar. Mutaxassislar tomonidan ta’lim mazmunini belgilovchi asosiy hujjatlar bo‘lmish Davlat ta’lim standartlari, fan o‘quv dasturlari hamda darslik va o‘quv-metodik majmualarning o‘zaro uyg‘unlikda bo‘lishi zarurligi qayd etildi. Yangi yondashuvga ko‘ra, o‘quv maqsadlari aniq va o‘lchanadigan kompetensiyalar asosida belgilanib, o‘qish, yozma savodxonlik hamda tinglash va so‘zlash ko‘nikmalarini rivojlantirish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilandi. Ekspertlar tomonidan bildirilgan taklif va tavsiyalar tizimli ravishda umumlashtirilib, loyihalarni yanada takomillashtirishning aniq yo‘nalishlari belgilab olindi. Bu kabi muhokamalar o‘quv dasturlarini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.