Oliy ta’lim sifatini oshirish yo‘lida navbatdagi muhim qadam
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PF-5847-sonli Farmoni talablaridan kelib chiqib, universitetimizda ta’lim jarayonini yanada takomillashtirish, kadrlar tayyorlash mazmunini zamon talablari asosida qayta ko‘rib chiqish hamda oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur maqsadlar doirasida universitet professor-o‘qituvchilarining dars mashg‘ulotlari sifatini tizimli, doimiy va uzluksiz o‘rganib borish uchun malakali, yuqori ilmiy salohiyatga va ko‘p yillik pedagogik tajribaga ega professor-o‘qituvchilardan iborat Ekspert komissiyasi tuzildi. Komissiya tomonidan o‘quv jarayonini monitoring qilish, dars mashg‘ulotlarini kuzatish va baholash mexanizmlarini yanada takomillashtirish ishlari yo‘lga qo‘yildi.
Ta’lim sifatini ta’minlash bo‘limi tashabbusi bilan Ekspert komissiya a’zolarining dastlabki yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda ma’ruza, amaliy, seminar va laboratoriya mashg‘ulotlari uchun mo‘ljallangan “Professor-o‘qituvchilarning dars sifatini o‘rganish bayonnomasi” shakli atroflicha tahlil qilinib, taklif va tavsiyalar asosida qayta ko‘rib chiqildi. Shuningdek, professor-o‘qituvchilarning kasbiy salohiyati, ilmiy-metodik tayyorgarligi, pedagogik mahorati hamda dars jarayonini olib borish darajasini zamonaviy talablarga muvofiq baholash mezonlari muhokama qilindi.

Yig‘ilishda dars mashg‘ulotlarida zamonaviy pedagogik texnologiyalar, interfaol metodlar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish holatlarini aniqlash, jarayonga halal bermagan holda kuzatuv olib borish, tahlil natijalarini xolis va hujjatlashtirilgan tartibda rasmiylashtirish, aniqlangan kamchiliklar yuzasidan amaliy tavsiyalar ishlab chiqish hamda metodik seminar-treninglar tashkil etish kabi muhim vazifalar belgilab olindi.
Shuningdek, kafedra mudirlariga professor-o‘qituvchilarning dars mashg‘ulotlarini maqsadli kuzatib borish, dars sifati ko‘rsatkichlariga salbiy ta’sir etuvchi omillarni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish, “ustoz-shogird” an’analarini tizimli yo‘lga qo‘yish hamda darslar sifati yuzasidan xulosalarni kafedra yig‘ilishlarida muntazam muhokama qilib borish zarurligi ta’kidlandi.

Yig‘ilish davomida har bir ekspertning ish jadvalidan kelib chiqib reja-grafik shakllantirish, darslarni bevosita yoki kuzatuv kameralari orqali tahlil qilish masalalari ham keng muhokama qilindi. Ekspert komissiyasi a’zolari tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslar asosida mazkur jarayonni izchil va samarali yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilmoqda.
Universitetimizda yo‘lga qo‘yilayotgan mazkur tizimli monitoring va baholash ishlari ta’lim sifatini oshirish, pedagog kadrlar salohiyatini mustahkamlash hamda zamonaviy, raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlash yo‘lida muhim qadamlardan biri bo‘lib xizmat qiladi.

