Yangiliklar

img
Tue, 05/05/2026 - 17:36

Oksford universiteti talabalari ToshDOʻTAU Yozgi maktab dasturida ishtirok etadilar

Jahonning eng nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri sanalgan Oksford universitetida muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yilgan “O‘zbekshunoslik” dasturining faol va muhim ishtirokchisi bo‘lgan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti mazkur xalqaro loyihani yanada rivojlantirish hamda ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha izchil va tizimli ishlarni amalga oshirmoqda. Xususan, ushbu yo‘nalishdagi hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, ta’lim dasturlarini boyitish va kelgusidagi strategik rejalarni belgilab olish maqsadida Oksford universiteti mas’ul vakillari bilan maxsus onlayn muloqot tashkil etildi. Mazkur muhim muzokaralarda universitetning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Nozliya Normurodova ishtirok etib, Buyuk Britaniyalik hamkorlar bilan “O‘zbekshunoslik” dasturi doirasidagi o‘quv va ilmiy-tadqiqot jarayonlarini yangi bosqichga olib chiqish masalalarini atroflicha muhokama qildi. Samimiy hamda konstruktiv ruhda kechgan onlayn uchrashuv davomida g‘oyat istiqbolli kelishuvga erishildi: joriy yilning kuz oylariga qadar Oksford universitetining “O‘zbekshunoslik” dasturida tahsil olayotgan talabalar va tadqiqotchilarning bevosita ToshDO‘TAUda maxsus tashkil etiladigan yozgi maktabga kelishlari kutilmoqda. Xorijlik yoshlarning yurtimizga tashrifi va sof o‘zbek tili muhitida bilim o‘zlashtirishi nafaqat tilimiz hamda boy madaniyatimizni dunyo miqyosida keng targ‘ib qilish, balki universitetning xalqaro ta’lim makonidagi asosiy missiyalarini to‘laqonli, yuksak darajada amalga oshirishida ulkan ahamiyat kasb etadi. Qolaversa, bunday yirik xalqaro ta’lim dasturlarining amaliyotga muvaffaqiyatli tatbiq etilishi ToshDO‘TAUning jahon ta’lim bozoridagi raqobatbardoshligini oshirish, xorijiy hamkorlar ishonchini mustahkamlash hamda ta’lim eksportini kengaytirish orqali o‘zining yuksak investitsion salohiyatini amalda namoyon etishida tayanch omil bo‘lib xizmat qiladi.