Oila institutini mustahkamlash masalalariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya
2026-yil 16–17-fevral kunlari Turkiya Respublikasining Istanbul shahrida joylashgan Istanbul Savdo Universitetida oila institutini mustahkamlash masalalariga bag‘ishlangan I xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Mazkur nufuzli anjumanda oila barqarorligini ta’minlash, zamonaviy jamiyatda oilaning ijtimoiy-ma’naviy vazifalari, davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari hamda milliy qadriyatlarni asrash masalalari keng muhokama qilindi.
Konferensiyada Turkiya va O‘zbekiston bilan bir qatorda boshqa davlatlardan tashrif buyurgan olimlar, ekspertlar, oliy ta’lim muassasalari vakillari hamda jamoat tashkilotlari mutaxassislari ishtirok etdi. Sessiyalar davomida oilaviy siyosatning huquqiy asoslari, yoshlar tarbiyasida oilaning o‘rni, ijtimoiy himoya mexanizmlari, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni takomillashtirish yo‘nalishlari yuzasidan ma’ruzalar tinglandi va fikr almashildi.
Mazkur konferensiyada Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori G. Jo‘rayeva faol ishtirok etdi. G. Jo‘rayeva o‘z ma’ruzasida oila institutining jamiyat taraqqiyotidagi strategik ahamiyatini asoslab berdi. U yoshlar ongida milliy va umuminsoniy qadriyatlarni shakllantirishda oilaning o‘rni beqiyos ekanini ta’kidladi. Shuningdek, oliy ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tizimli tashkil etish, yoshlarni sog‘lom turmush tarziga yo‘naltirish, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlashga qaratilgan targ‘ibot-tashviqot ishlarini kuchaytirish zarurligi haqida fikr bildirdi.
Anjuman doirasida ikki tomonlama uchrashuvlar ham o‘tkazildi. Unda oila masalalarini o‘rganish, yoshlar bilan ishlash, ma’naviy-ma’rifiy faoliyatni rivojlantirish hamda kelgusida qo‘shma ilmiy-amaliy loyihalarni amalga oshirish masalalari yuzasidan takliflar bildirildi.
Mazkur xalqaro konferensiya oila institutini mustahkamlash, yosh avlod tarbiyasini takomillashtirish hamda ilmiy hamkorlik aloqalarini kengaytirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.

