«Ogohlik – hayot kafolati!» mavzusida profilaktik suhbat
2026-yil 28-yanvar kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida talaba-yoshlar o‘rtasida sog‘lom ijtimoiy-psixologik muhitni mustahkamlash, turli salbiy holatlarning oldini olishga qaratilgan navbatdagi profilaktik tadbir bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir universitet psixologi To‘xtayeva Nozima hamda universitetning profilaktika inspektori Karimova Umida hamkorligida tashkil etilib, asosan ijarada yashovchi talabalar ishtirokida o‘tkazildi. Suhbat «Ogohlik – hayot kafolati!» mavzusida olib borildi va unda talabalar hayotida uchrashi mumkin bo‘lgan turli ijtimoiy-psixologik muammolar, nizoli vaziyatlar hamda ularning oldini olish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir davomida mutaxassislar tomonidan talabalarga kundalik hayotda ogohlikni yo‘qotmaslik, huquqiy va ma’naviy mas’uliyatni chuqur anglash, turli salbiy ta’sirlarga berilmaslik bo‘yicha atroflicha tushunchalar berildi. Xususan, nizolarga sabab bo‘ladigan omillar, stress va bosim ostida to‘g‘ri qaror qabul qilish, shaxs ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi holatlardan himoyalanish yo‘llari muhokama qilindi.
Shuningdek, suhbat jarayonida yoshlar ongiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan «ommaviy madaniyat» unsurlariga tanqidiy yondashish, milliy va ma’naviy qadriyatlarni asrash, bo‘sh vaqtni mazmunli tashkil etish masalalari yuzasidan ham targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borildi. Talabalarga ijarada yashash jarayonida qo‘shnilar bilan muomala madaniyati, jamoat tartib-qoidalariga rioya etish, xavfsizlik qoidalariga amal qilishning muhimligi ham alohida ta’kidlandi.

Suhbat interaktiv tarzda o‘tkazilib, talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javoblar oldilar. Hayotiy misollar asosida olib borilgan muloqot talabalar tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilindi.

Mazkur profilaktik tadbir talaba-yoshlar o‘rtasida sog‘lom muhitni shakllantirish, huquqbuzarlik va nizoli vaziyatlarning oldini olish, ularning ruhiy barqarorligini ta’minlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Universitetda bu kabi ma’naviy-ma’rifiy va profilaktik tadbirlar kelgusida ham izchil davom ettiriladi.

