Yangiliklar

img
Thu, 05/07/2026 - 21:50

Ochiq muloqot: xorijda ta’lim olish imkoniyatlari

2026-yil 7-may kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Xalqaro ofisi tomonidan ochiq muloqotlar turkumi doirasida navbatdagi uchrashuv tashkil etildi. Tadbir xalqaro ta’lim, akademik rivojlanish va xorijda tahsil olish imkoniyatlariga qiziqish bildirayotgan talabalarni bir maydonga jamladi.

Mazkur uchrashuv BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari, xususan, sifatli ta’limni ta’minlash, ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish, yoshlarning xalqaro akademik maydondagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlash hamda global hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlar asosida tashkil etildi. Bugungi kunda xalqaro ta’lim imkoniyatlari va tajriba almashuv dasturlari yoshlarning bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirishda muhim omillardan biri hisoblanadi.

Tadbir davomida ishtirokchilar xalqaro ta’lim yo‘lida muvaffaqiyatli tajriba orttirayotgan mutaxassislarning shaxsiy tajribalari, akademik faoliyati va ilmiy rivojlanish yo‘lidagi izlanishlari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Jumladan, Samandar Yusupov TESOL yo‘nalishidagi ilmiy qiziqishlari va tadqiqot faoliyati uning Buyuk Britaniyadagi Uorvik universitetida tahsil olish imkoniyatiga qanday yo‘l ochgani haqida so‘zlab berdi. U o‘z chiqishida xalqaro ta’lim dasturlariga hujjat topshirish jarayonida muntazam ishlash, aniq maqsad qo‘yish, tadqiqot ko‘nikmalarini shakllantirish va o‘z ustida doimiy ishlashning muhimligini alohida ta’kidladi. Shuningdek, u talabalarni mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanishga, ilmiy faoliyat va shaxsiy rivojlanishni birgalikda olib borishga chaqirdi.

 

Shuningdek, Zaure Kertayeva Avstraliyadagi Sidney universitetida tahsil olish davridagi tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. U xorijiy ta’lim muhitiga moslashish, yangi akademik tizim talablari, turli madaniy muhit vakillari bilan ishlash hamda oilaviy mas’uliyatni ta’lim bilan uyg‘unlashtirish jarayonida orttirgan tajribalari haqida so‘z yuritdi. Uning samimiy va hayotiy misollarga boy fikrlari tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.

Ochiq muloqot davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar hamda xorijiy universitetlarda ta’lim olish, grant dasturlarida ishtirok etish, hujjat topshirish tartiblari va akademik rivojlanish masalalari yuzasidan foydali tavsiyalar bilan tanishdilar. Savol-javoblar jarayoni muloqotni yanada jonlantirib, ishtirokchilar o‘rtasida o‘zaro fikr almashish imkoniyatini yaratdi.

 

Mazkur tadbir yoshlarning xalqaro ta’limga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularni ilmiy izlanishlarga rag‘batlantirish hamda BMT Barqaror rivojlanish maqsadlari doirasida sifatli va inklyuziv ta’lim tamoyillarini targ‘ib etishga xizmat qildi. Shuningdek, bunday uchrashuvlar talabalarni global ta’lim maydonida faol ishtirok etishga undash, ularning kasbiy va shaxsiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etadi.