Yangiliklar

img
Mon, 05/11/2026 - 12:05

“Nurafshon” mahallasida sayyor qabul va profilaktik uchrashuvlar o‘tkazildi

Qo‘qon shahridagi “Nurafshon” mahallasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova tomonidan xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning huquqiy muammolari hamda oilaviy masalalariga bag‘ishlangan sayyor qabul tashkil etildi.

Mazkur tadbirda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori Gulnoza Jo‘rayeva ham ishtirok etdi.

Sayyor qabul davomida fuqarolarning murojaatlari tinglanib, bandlik, uy-joy, huquqiy masalalar, oilaviy nizolar hamda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq muammolar yuzasidan tegishli tushuntirish va tavsiyalar berildi. Ayrim murojaatlar joyida hal etilgan bo‘lsa, qo‘shimcha o‘rganishni talab qiluvchi masalalar mutasaddi tashkilotlar nazoratiga olindi.

Tadbir doirasida mahalladagi 45-maktab o‘quvchi-qizlari bilan ham uchrashuv tashkil etildi. Suhbat davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 33-sonli Farmoni mazmun-mohiyati yuzasidan tushuntirishlar berilib, yoshlar, ayniqsa qizlarning ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, jamiyatda munosib o‘rin topishi masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

 

Shuningdek, uchrashuvlarda erta nikohning salbiy oqibatlari, xotin-qizlarning huquqiy savodxonligini oshirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda yoshlar tarbiyasi bilan bog‘liq dolzarb masalalar yuzasidan ochiq muloqotlar tashkil etildi.

 

Tadbir ishtirokchilari tomonidan bunday uchrashuvlar jamiyatda ijtimoiy faollikni oshirish, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash hamda yoshlar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.