Yangiliklar

img
Thu, 04/30/2026 - 09:49

Noa'nanaviy dars mashg'uloti tashkil etildi

Universitetimizda Falsafa fanining tarkibiy qismi bo‘lgan “Axloqshunoslik falsafasi (Etika)” mavzusida noan’anaviy ochiq dars yuqori saviyada o‘tkazildi. Mazkur ochiq mashg‘ulot Ibrogimova Gulbaxor rahbarligida Ijtimoiy ish yo‘nalishi 102-guruh talabalari ishtirokida tashkil etildi.

Darsning asosiy maqsadi talabalarga etika fanining nazariy asoslarini chuqur o‘rgatish, ularning axloqiy tafakkurini rivojlantirish hamda kundalik hayotda uchraydigan muammolarga axloqiy nuqtai nazardan yondashish ko‘nikmalarini shakllantirishdan iborat bo‘ldi.

Mashg‘ulot davomida etika fanining predmeti, vazifalari va jamiyat hayotidagi o‘rni batafsil yoritildi. Talabalar insonning qanday yashashi kerakligi, yaxshilik va yomonlik mezonlari, adolat va adolatsizlik tushunchalari yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar. Shuningdek, burch va mas’uliyat, vijdon va or-nomus kabi muhim axloqiy qadriyatlar atroflicha tahlil qilinib, ularning shaxs kamolotidagi ahamiyati misollar orqali tushuntirib berildi.

Dars jarayonida etikaning asosiy yo‘nalishlari — normativ etika, tasviriy etika, metaetika va amaliy etika haqida ham keng ma’lumot berildi. Talabalar tomonidan turli hayotiy vaziyatlar asosida muhokamalar tashkil etilib, har bir vaziyatga axloqiy yechim topish yuzasidan guruhlar kesimida fikr almashildi. Bu esa talabalarning mustaqil fikrlash, tahlil qilish va qaror qabul qilish ko‘nikmalarini yanada rivojlantirdi.

Ochiq darsning eng e’tiborli jihatlaridan biri uning noan’anaviy, interaktiv shaklda tashkil etilganidadir. Nazariy bilimlar amaliy mashg‘ulotlar bilan uyg‘unlashtirildi. Xususan, talabalar “Galstuk bog‘lash”, “Soch turmaklash” hamda “Karvin” san’ati bo‘yicha mahorat darslarida faol ishtirok etdilar. Ushbu mashg‘ulotlar orqali talabalarda nafaqat estetik did, balki kundalik hayotda zarur bo‘lgan amaliy ko‘nikmalar ham shakllantirildi.

Mazkur amaliy mashg‘ulotlar, ayniqsa, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, ularda ozodalikka, tartiblilikka, did va mas’uliyatga bo‘lgan munosabatni mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Talabalar ushbu jarayonda o‘zaro hamkorlikda ishlash, bir-biridan o‘rganish hamda jamoaviy muhitda faol ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Ochiq dars yakunida talabalarning mavzu bo‘yicha bilimlari mustahkamlanib, ularning axloqiy qarashlari kengaydi. Bunday noan’anaviy yondashuvlar ta’lim jarayonining samaradorligini oshirish, talabalarning fanlarga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirish hamda ularni har tomonlama barkamol shaxs sifatida tarbiyalashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Shu bilan birga, mazkur ochiq dars universitetimizda innovatsion pedagogik texnologiyalarni joriy etish, ta’lim sifatini oshirish va talabalar salohiyatini to‘liq namoyon etishga qaratilgan ishlarning amaliy ifodasi sifatida alohida e’tiborga loyiqdir.